Lyuksemburg shahzodasi noyob kasallikdan vafot etdi
U bu kasallikdan 6 yil aziyat chekkandi.

Lyuksemburg shahzodasi Frederik POLG mitoxondriyal kasalligi bilan uzoq yillik kurashdan so‘ng 1 mart kuni Parijda 20 yoshida vafot etdi. Uning oilasi xabariga ko‘ra, shahzoda 14 yoshida ushbu noyob genetik kasallikka chalingani aniqlangan bo‘lib, u ko‘plab organ tizimlariga taʼsir qilgan va davolash usuli mavjud emas edi.
Shahzoda Frederik kasallik haqida xabardorlikni oshirish maqsadida 2022 yilda POLG jamg‘armasiga asos solgan. Uning otasi, shahzoda Robert, o‘g‘lining o‘limi haqida eʼlon qilar ekan, Frederik bu dardga chalingan boshqa bemorlarni azob-uqubatlardan qutqarish uchun ilmiy tadqiqotlarga katta eʼtibor qaratganini taʼkidladi.
Frederik vafotidan oldin yaqinlari bilan xayrlashish uchun kuch topgani aytiladi. U umrining so‘nggi kunigacha intizomli va faol bo‘lib, hatto vafotidan bir kun oldin ham Duolingo darslarini davom ettirgani maʼlum qilindi.







