Noqulay iqlim sharoitda ishlayotgan byudjet xodimlariga ustama beriladi
Uchquduq, Zarafshon, Nurobod va Zafaroboddagi byudjet xodimlariga qo‘shimcha ustamalar belgilanadi.

Hukumat qarori bilan noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida faoliyat yuritayotgan byudjet tashkilotlari xodimlariga oylik ustama to‘lash tartibi tasdiqlandi. Bu tartib Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari hamda Konimex tumanining Zafarobod shaharchasida amal qiladi.
Mazkur hududlardagi byudjet tashkilotlari xodimlariga quyidagi me’yorda ustama belgilanadi:
- 3 yilgacha ish stajiga ega xodimlar — lavozim maoshining 0,25 foizi;
- 3 yildan 5 yilgacha stajga ega xodimlar — lavozim maoshining 0,5 foizi;
- 5 yildan ortiq stajga ega xodimlar — lavozim maoshining 0,75 foizi.
Ish staji sifatida mazkur shaharlardagi byudjet tashkilotlarida haqiqiy ishlagan davri, ishlamagan bo‘lsa-da, qonunchilikka binoan lavozimi saqlangan davri, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” va unga qarashli tashkilotlardan Maktabgacha va maktab ta’limi tizimiga o‘tkazilgan xodimlarning avvalgi ish staji inobatga olinadi.







