O‘zbekistonda “soliq yuki” ning kamaytirilishi taklif qilindi
Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumati daromad solig‘ining amaldagi yagonalashtirilgan stavkasini tabaqalashtirilgan tizimga o‘tkazishni maqsadga muvofiq deb hisoblamoqda.

Bu borada bildirilgan tavsiyalarda ta’kidlanishicha, progressiv soliq tizimi daromad oshgani sari soliq stavkasi ham oshib boradigan mexanizmga asoslanadi. XVJ fikricha, bu yondashuv soliq bazasini kengaytirishga va YaIMga nisbatan soliq tushumlarining kamayish tendensiyasini bartaraf etishga xizmat qilishi mumkin.
Mazkur taklifga munosabat bildirgan iqtisodchi Otabek Bakirov esa, uni salbiy baholadi. Mutaxassisning yozishicha, progressiv tizimga o‘tish bir necha salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Birinchidan, Bakirovning fikricha, daromad solig‘idan tushumlar allaqachon barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Oxirgi choraklarda tushumlar hajmi oshgan, bu esa mehnat bozori “oqarligi” ortib borayotganini ko‘rsatadi. Uning ta’kidlashicha, progressiv tizim joriy etilsa, bu jarayon to‘xtab qolib, yana norasmiy to‘lovlar (“konvert” shaklidagi ish haqlari) kengayishi ehtimoli yuqori.
Ikkinchidan, yuqori daromad egalari, ya’ni badavlat qatlam odatda daromadini maosh orqali emas, balki dividend yoki korporativ xarajatlar orqali rasmiylashtiradi. Shu sababli, iqtisodchi ijtimoiy adolatni ta’minlash uchun dividend solig‘ini oshirish yoki korporativ iste’mol xarajatlarini soliq bazasiga kiritishni taklif qilmoqda.
Uchinchidan, daromad solig‘ining oshirilishi orqali davlat byudjeti tushumlarini ko‘paytirish — aholining zimmasiga ortiqcha moliyaviy yuklamalar yuklashni anglatadi. Bu, o‘z navbatida, davlat qarzlarining ortib borayotgani bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytiradi.
To‘rtinchidan, Bakirov davlat budjetini to‘ldirish uchun mehnatkashlardan emas, balki soliqlardan qochayotgan yirik guruhlar — imtiyozli qatlam, eksport-import faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, soliqdan ozod etilgan subyektlar zimmasiga mas’uliyat yuklash kerakligini ta’kidlaydi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2019-yilgacha jismoniy shaxslar daromadiga tabaqalashtirilgan soliq stavkasini qo‘llagan bo‘lib, u 7,5 foizdan 22,5 foizgacha bo‘lgan intervalda amal qilgan. Hozirda esa barcha toifalarga yagona — 12 foizlik soliq stavkasi joriy etilgan.







