Xitoy Tayvanga hujum qilsa, Rossiya NATOga qarshi harakat qilishi mumkin
Xitoy va Rossiyaning yaqinligi NATO uchun strategik xavf tug‘dirmoqda.

NATO bosh kotibi Mark Ruttening ta’kidlashicha, agar Pekin Tayvanga harbiy kuch ishlatishga qaror qilsa, bu holat Rossiyaning NATOga qarshi harakatlarini qo‘zg‘atishi mumkin. Bu haqda www.dw.com xabar berdi.
The New York Times’ga bergan intervyusida Rutte Xitoy rahbari Si Tszinpin, agar Tayvanga qarshi operatsiya boshlansa, Rossiya prezidentidan Yevropa e’tiborini chalg‘itish maqsadida NATO hududlariga hujum qilishni so‘rashi mumkinligini istisno etmadi.
“Bunday ssenariy tobora real tus olmoqda”, — dedi Rutte.
NATO rahbari bu xavfga qarshi ikki asosiy chorani taklif qildi:
1. G‘arbiy harbiy ittifoqlarning kuchaytirilgan hamkorligi — “ruslar hech qachon hujum qilmasligi uchun”.
2. Hind-Tinch okeani mintaqasi bilan mudofaa sanoati va innovatsiya yo‘nalishida mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish.
Rutte, shuningdek, Rossiyaning harbiy salohiyati tez sur’atda ortib borayotganini ta’kidladi: “Ular hozirda NATOga a’zo barcha davlatlarga qaraganda uch baravar ko‘p o‘q-dori ishlab chiqarmoqda”.
Xitoy Tayvanni o‘zining ajralib chiqqan hududi deb hisoblaydi va zarurat tug‘ilsa, uni qayta bo‘ysundirish uchun kuch ishlatishga tayyor ekanini bildirgan. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, Tayvanga nisbatan har qanday tajovuz “o‘ta jiddiy” muammo sifatida baholanadi va harbiy javob choralari ko‘rilishi ehtimoldan holi emas.
Garchi Pekin Ukraina bo‘yicha betaraflikni e’lon qilgan bo‘lsa-da, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi strategik aloqalar davom etmoqda. 2022-yil fevral oyida, Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlaridan biroz avval, ikki davlat cheklovlarsiz strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolagan edi. Bugungi kunda Xitoy Rossiyaning eng yirik savdo hamkori bo‘lib, sanksiyalar ta’sirini yumshatishda muhim rol o‘ynamoqda.








