Andijonda hokim o‘rinbosari, Toshkent viloyatida Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i qo‘lga olindi
DXX tezkor tadbirida 3 nafar mansabdorning jinoyiy qilmishlari fosh etildi.

O‘zbekistonning bir nechta hududlarida davlat xizmatchilarining noqonuniy harakatlari fosh qilindi. Ular yer maydonlarini ajratish, ishlab chiqarish uchun ruxsatlar berish va pensiyaga chiqarish evaziga katta miqdorda pora olganlikda gumonlanmoqda.
Xonobod shahri: Shahar hokimi o‘rinbosari va ilgari sudlangan MChJ rahbari o‘zaro til biriktirib, mahalliy tadbirkorga 4 gektar yer maydonini 2 mlrd so‘mga auksion orqali rasmiylashtirib berish evaziga 20 ming AQSh dollari pora olayotgan vaqtda ushlandi.
Andijon tumani: Tuman hokimining sobiq o‘rinbosari, shahar statistika bo‘limi boshlig‘i va yana ikki shaxs “Ipak yo‘li” EIZ hududidan 6 gektar yer olib berish uchun 600 ming AQSh dollari talab qilgan. Ularga 150 ming dollar avans to‘langani paytda qo‘lga olingan. Bu ishga ilgari davlat lavozimida bo‘lgan, hozirda xususiy bandlik agentligi rahbari ham aloqadorligi aniqlangan — u ilgari 11 ming dollar olgan.
Toshkent viloyati, Ohangaron tumani: Pensiya jamg‘armasi bo‘limi rahbari fuqaroning yo‘qolgan mehnat daftarchasini tiklab, uni pensiyaga chiqarib berish evaziga 1500 AQSh dollari pora olayotganida qo‘lga olindi. E’tiborlisi, u ilgari JKning 167-moddasi bilan sudlangan bo‘lsa-da, xulosa chiqarmagan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.








