Yoaxim Lyov O‘zbekiston terma jamoasiga murabbiy bo‘lishi mumkin
Lyov Germaniya bilan 2014-yilgi JCh va 2017-yilgi Konfederatsiyalar kubogida g‘olib chiqqan.

Germaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Yoaxim Lyov O‘zbekiston milliy jamoasini boshqarishi mumkin. Bu haqda “Championat.Asia” nashri xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi germaniyalik taniqli mutaxassis bilan muzokaralarni boshlagan. Agar Lyov bu taklifni qabul qilsa, joriy bosh murabbiy Timur Kapadze uning murabbiylar shtabiga qo‘shilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor jahon chempionati final bosqichiga yo‘l olgan. Terma jamoa 2026-yilgi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.
Yoaxim Lyov 2006–2021-yillarda Germaniya terma jamoasini boshqargan. Uning qo‘l ostida Germaniya 2014-yilgi Braziliyadagi Jahon chempionatida hamda 2017-yil Rossiyadagi Konfederatsiyalar kubogida g‘alaba qozongan. 2021-yildan buyon u hech bir jamoada faoliyat yuritmagan.








