Bakalavr va magistrlar uchun davlat grantlari kvotalari e’lon qilindi
Prezident farmoyishiga ko‘ra 2025-2026 o‘quv yilidan 3 yil uchun grantlar miqdori belgilandi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2025-yil 18-iyulda imzolangan PF–43-son farmoyishga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab kelgusi uch yil uchun oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida o‘qish imkoniyatlari aniq belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Kunduzgi bakalavriat bosqichi uchun 2025/2026 o‘quv yilida 35 500 ta davlat granti ajratiladi. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich ortib boradi: 2026/2027 yilda – 36 023 ta, 2027/2028 yilda – 36 460 ta, 2028/2029 o‘quv yilida esa 36 761 ta grant berilishi rejalashtirilgan.
Magistratura uchun ham davlat granti kvotalari oshirilmoqda. 2025/2026 yilda magistraturaga 9 922 ta grant, 2026/2027 yilda 10 191 ta, 2027/2028 yilda 10 477 ta, 2028/2029 yilda esa 10 784 ta grant ajratilishi belgilangan.
Bundan tashqari, xorijiy va nodavlat OTMlar uchun 1 320 ta, xorijda yashovchi yosh vatandoshlar uchun 30 ta, ayollar uchun esa 4 000 ta alohida grant ajratilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur grantlarning taqsimoti bo‘yicha takliflar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.







