Abbosbek Fayzullayev ham “Bashakshehir” klubiga o'tadi
Turkiya klubi ushbu transfer uchun 7,5 million yevro to‘lashga tayyor.

O‘zbekiston terma jamoasi va Moskvaning “SSKA” klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning “Bashakshehir” klubi bilan shartnoma imzolashga yaqin turibdi. Manbaga ko‘ra, Moskvaning “armiyachilar”i va Istanbul klubi futbolchi borasida kelishuvga erishgan.
Fayzullayev yaqin kunlarda Turkiyaga uchib boradi va tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, “Bashakshehir” bilan shartnoma imzolaydi. Turkiya klubi ushbu transfer uchun 7,5 million yevro to‘lashga rozi bo‘lgan. Ammo futbolchining Istanbul klubi bilan necha yillik bitim imzolashi hozircha noma’lum.
Agar transfer amalga oshsa, Fayzullayev “Bashakshehir” safidagi ikkinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylanadi. Avvalroq ushbu klub Italiyaning “Roma” jamoasidan Eldor Shomurodovni mavsum oxirigacha ijaraga olgan edi.
Ma’lumot uchun, Abbosbek Fayzullayev o‘tgan mavsum “SSKA” tarkibida barcha musobaqalar doirasida 39 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Futbolchining “armiyachilar” bilan amaldagi shartnomasi 2026-yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali uning transfer qiymatini 8 million yevroga baholagan.







