Toshkentdagi xususiy klinikada 8 yoshli bolaning vafot etgani bo‘yicha jinoiy ish ochildi
Bosh prokuratura holat bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot berdi.

Avvalroq Toshkent shahridagi xususiy klinikalardan birida 8 yoshli bola operatsiya paytida vafot etgani xabar qilingandi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov qo‘shimcha maʼlumot taqdim etdi.
Qayd etilishicha, tibbiyot markazida 8 yoshli bola vafot etganligi holati yuzasidan tekshirish harakatlari o‘tkazilgan.
Holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, yuzlashtirish, qo‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Barcha zarur tergov harakatlari o‘tkazilganidan so‘ng ish bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelinadi”, deyiladi rasmiy bayonotda.







