Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidentining maxsus vakilini qabul qildi
Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni mamlakatimizga tashrif buyurgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampollinini qabul qildi.
Uchrashuv avvalida AQSh vakili Prezident Donald Trampning samimiy salomi va O‘zbekiston mustaqilligi kuni munosabati bilan tabriklarini yetkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, xavfsizlik sohasida, jumladan, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasidagi hamkorlik samarali rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning AQSh bilan savdo hajmi 2024-yilda 15 foizga oshgani, qo‘shma investitsiya loyihalarining umumiy qiymati 11 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Joriy yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan Toshkent investitsiya forumida AQShning 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari qatnashgani alohida ta’kidlandi.
Mineral resurslarni o‘zlashtirish, aviatsiya, elektr texnikasi, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Shuningdek, “C5+1” mintaqaviy hamkorlik formati doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.








