“Xalqimiz atom quroli sinovlarining qurboni bo‘ldi”
Qosim-Jo‘mart To‘qayev yadroviy sinovlardan voz kechishga chaqirdi.

Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kunida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tinchlikni mustahkamlash zarurligi haqida gapirdi.
“Xalqaro yadroviy sinovlarga qarshi kurash kuni Qozog‘iston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan taʼsis etilgan. xalqimiz atom quroli sinovlarining eng og‘ir oqibatlari qurboni bo‘ldi. Bu fojia takrorlanmasligi kerak. Biz kelajak avlodlar uchun tinchlikni mustahkamlashimiz, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishimiz, yadroviy qurolsizlanish va yadroviy sinovlardan voz kechish bo‘yicha saʼy-harakatlarni amalga oshirishimiz kerak. Tinchlik va xavfsizlik - butun insoniyatni birlashtiradigan eng oliy qadriyatdir”, — deya qayd etdi To‘qayev.
Maʼlumot uchun, 1949 yildan 1989 yilgacha Qozog‘istondagi Semipalatinsk poligonida SSSR tomonidan yadro sinovlari o‘tkazilgan. Bu davrda 450 dan ortiq yer usti va yer osti portlashlari amalga oshirilgan. 1991 yil 29 avgustda Semipalatinsk poligoni rasman yopilgan va Qozog‘iston yadro qurolidan ixtiyoriy ravishda voz kechgan birinchi davlatlardan bo‘lgan.







