“Oyog‘im tagida granata portlatdim” — Rossiya armiyasiga yollangan yigit
22 yoshida ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga kelgan surxondaryolik yigit urushga majburan yollanib, dron uchirish bilan shug‘ullangan va razvedka ma’lumotlarini qo‘mondonlikka yetkazib turgan. Uni bu xizmatlari uchun Rossiya Federatsiyasi prezidenti “Jasorat” medali bilan taqdirlagan.

Surxondaryoda Rossiya armiyasiga yollangan yigit jinoiy jazoga tortildi. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Angor tumanida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan T.B. 2021-yilda ishlab pul topish maqsadida Sankt-Peterburg shahriga kelgan. U 9 oy davomida sherobodlik tanishlari bilan birga qurilish sohasida ishlagan. Qurilish tashkiloti rahbarlari T.B.ga turli vajlar bilan oxirgi 4 oylik ish haqini bermagan. Keyin angorlik yigit u yerdan ketib, “Musofirlar” telegram guruhida o‘zini Shohrux deb tanishtirgan shaxsning ish taklifini qabul qilgan.
“2022-yilning iyun oyida Shohrux ismli shaxs RFning Chelyabinsk shahridagi bir manzilning joylashuvini tashlab, u yerda narsalarni olib keyinchalik tarqatish bilan shug‘ullanishini aytdi, shundan so‘ng, Chelyabinsk shahriga bordim. Meni boshqa bir Shohrux kutib oldi. Bir kun o‘tib, Telegram orqali tanishgan Shohrux ismli shaxsning aytgan joyiga bordik. U yerdan Shohrux(kutib olgan)ikkimiz narsa olib, hostelga qaytayotganimizda xodimlar bizni politsiya idorasiga olib borishdi, tergov 6 oy davom etdi. Shunda yonimdagi Shohrux to‘g‘risida ko‘rsatuv bermadim va uni aybini isbotlovchi boshqa dalillar yo‘qligi uchun qo‘yib yuborishdi”- deydi yigit suddagi ko‘rsatmasida.
Tergov natijalariga ko‘ra, Chelyabinsk shahar sudi T.B.ga 8-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan. Jazo muddatini o‘tash davomida, koloniya xodimlari arzimagan holatlarni vaj qilib, uni bir necha marta betonli sovuq xonalarda saqlagan. Shu bilan birga Rossiya harbiy xizmatchilari muassasaga kelib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishga da’vat etgan. T.B. oila a’zolari moddiy qiynalayotganligi va koloniyadagi og‘ir sharoitlar tufayli ularning taklifiga rozi bo‘lgan.
Shundan so‘ng 2024-yil iyun oyida harbiy xizmatchilar T.B. O‘zbekiston fuqaroligidan voz kechish va Rossiya fuqaroligini qabul qilish bo‘yicha ariza yozdirgan. Bir necha haftadan keyin unga Rossiya fuqaroligi va harbiy guvohnoma berilgan. Harbiy qism bilan 1-yilga shartnoma tuzilgan, oylik maosh 210 000 rubl etib belgilangan.
“O‘sha vaqtda JIYEKda saqlanayotgan 20 ga yaqin davlatlarning fuqarolari (o‘zbek, qozoq, tojik va qirg‘iz) urushga jalb qilindi. Keyin meni va boshqalarni Donesk shahridagi harbiy dala o‘quv poligoniga olib borishdi. U yerda bir oy harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik, jangovar qurollardan o‘q otishni o‘rgandik. O‘quv jarayonlarida katta serjant Ivan meni o‘zi bilan olib ketdi. U uchuvchisiz uchish qurilmalari bilan shug‘ullanuvchi bo‘linma rahbari ekan, unga yordamchi bo‘ldim. Lekin jangovor harakatlarda ishtirok etmadim, vazifam - generatorga benzin olib kelish, oziq-ovqatlar tashish, dronlarni quvvatlagichga qo‘yish edi” – deydi T.B.
2024-yil avgustida bo‘linma bilan birga bo‘lgan harbiylarining aksariyat qismi Ukrainaga qarshi jangga kirgan. Angorlik yigit esa uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish bo‘linmasi bilan hujum guruhi ortidan dushmanga dron uchirgan va razvedka ma’lumotlarini to‘plab, qo‘mondonlikka yetkazib turgan.
6 sentyabr kuni T.B. bo‘linmaga suv va generatorlarga benzin olib kelish chog‘ida dron hujumiga uchragan.
“2 ta 20 litrlik idishlarda suv va benzin olib qaytayotganimda Ukraina qo‘shinlariga qarashli dronlar hujum qildi, yelkamga ortilgan suv va benzinni tashlab tashlandiq uyga qarab qochdim, dron esa ortimdan uchib kelib uyning burchagiga kelib urildi va portlab ketdi. Uning askolkalari o‘ng yelkamga va chap oyoq tizzamga tegdi, shundan so‘ng davolanish uchun gospitalga yuborishdi. 2 oy davolanib Donesk shahridagi harbiy bazaga qaytdim”- deydi u.
T.B. uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘linmasida xizmatni davom ettirgan, keyin topshiriq olib, bo‘linma bilan front chizig‘iga borgan.
2025-yil 3 yanvar kuni foydalanuvdagi generator buzilib qolgan. So‘ngra, bo‘linma boshqa generator olib kelish uchun T.B.ni ta’minot guruhiga yuborgan. Harbiylar ko‘tarib yurish noqulay bo‘lganligi tufayli, generatorni yelkaga yopishqoq lenta(skotch) bilan bog‘lashgan.
U yo‘lda ketarkan, o‘zidan 3-4 metr uzoqqlikka Ukranining “Grad” 2snaryadi kelib tushgan va jarohat olgan. Atrofda bo‘lgan harbiylar uni tibbiy bo‘linmaga olib ketishgan. Shu bilan angorlik yigit yana 2 oy Perm shahridagi harbiy gospitalda davolangan.
T.B. 2025-yil mart oyida Donesk viloyatidagi harbiy qismga qaytgan hamda 1 oylik reabilitatsiya davrida dronlardan foydalanishni o‘rgangan. 13-mart kuni esa Rossiya prezidenti nomidan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
U may oyida Doneskning chekka hududlariga borib 2 oy davomida uchuvchisiz uchish qurilmalari operatori bo‘lib ishlagan. Shu vaqt ichida dron orqali atrofni kuzatish va qo‘shinlar harakatini nazorat qilish, tezkor ma’lumotlarni qo‘mondonlikka yetkazish bilan shug‘ullangan. Shundan keyin bir necha marta harbiy qism rahbariyatidan ta’til berishni va O‘zbekistonga borib kelishni so‘ragan. Ammo rad javobi olavergan.
So‘ngra, T.B. 24-avgust kuni Doneskda jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida granatasining zapal qismini chap oyog‘ining tagiga qo‘yib portlatgan va shu zahoti 2 va 3-panjalaridan ayrilgan.
“RF qo‘shinlari tarkibida harbiy harakatlarda qatnashmaslik uchun o‘zimga tan jarohati yetkazdim. Keyin Saratov viloyatidagi 2-sonli shifoxonaga joylashtirishdi, 2 marta jarrohlik amaliyoti o‘tkazdim. 2025-yil oktyabrida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga telefon qilib, holatini tushuntirdim, urushda qatnashishni xohlamasligimni aytdim. Ulardan O‘zbekistonga qaytish uchun yordam so‘radim” – deydi T.B. sudda.
Shu tariqa, T.B. 18 oktyabr kuni “Moskva-Toshkent” aviayo‘nalishi orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.
JIB Angor tuman sudining 2026-yil 11-martdagi hukmi bilan T.B.ga 5-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Sudlanuvchi 2025-yil 19-oktyabrdan 2025-yil 3-noyabrga qadar qamoqda saqlangani uchun jazodan 14 kun chegirildi. Sud hukmiga ko‘ra, T.B. mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash, ish joyini o‘zgartirmaydi, Surxondaryo viloyati hududidan tashqariga chiqmaydi.







