Jahon

Afg‘onistonda ayollarga qo‘yilgan yangi cheklovlarga qarshi noroziliklar kuch bilan bostirildi

Yangi qoidalarni buzganlikda ayblanib kamida 30 nafar ayol va qiz qo‘lga olingan.

Afg‘onistonda ayollarga qo‘yilgan yangi cheklovlarga qarshi noroziliklar kuch bilan bostirildi

 

Afg‘onistonning Hirot viloyatida ayollar uchun joriy etilgan yangi cheklovlar ortidan boshlangan norozilik namoyishlari xavfsizlik kuchlari tomonidan kuch ishlatish yo‘li bilan bostirildi. Bu haqda TOLOnews xabar berdi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oyi boshida Tolibonning Fazilatni yoyish va illatlarning oldini olish vazirligi ayollarning kiyinishiga oid yangi talablarni e’lon qilgan. Unga ko‘ra, ayollar yuzni to‘liq yopuvchi niqob va paypoq kiyishi shart etib belgilangan, kosmetik vositalardan foydalanish esa taqiqlangan.

 

Mahalliy OAV va huquq himoyachilarining bildirishicha, 6–8-iyun kunlari Hirotda kamida 30 nafar ayol va qiz mazkur qoidalarni buzganlikda ayblanib qo‘lga olingan. Hibsga olinganlar orasida Chegara bilmas shifokorlar (Médecins Sans Frontières) xalqaro gumanitar tashkiloti xodimasi ham bo‘lgan. U ikki kundan so‘ng o‘zi va yaqinlari belgilangan qoidalarga rioya qilish majburiyatini olganidan keyin ozod etilgani ma’lum qilingan.

 

Hirot viloyati gubernatori Nur Ahmad Islomjar ayollarning qo‘lga olinganini tasdiqlab, ularda “psixologik va diniy muammolar” mavjudligini da’vo qilgan.

 

Hibslar ortidan 9-iyun kuni Hirotning ayrim hududlarida o‘nlab fuqarolar, jumladan ayollar va erkaklar namoyishga chiqdi.

 

UNAMA ma’lumotiga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tarqatish vaqtida o‘qotar qurollardan foydalangan. Oqibatda kamida ikki kishi, jumladan bir nafar bola halok bo‘lgan, 20 dan ortiq fuqaro jarohat olgan. Afg‘oniston polisiyasi esa namoyishni tarqatishda qurol qo‘llanganini rad etgan.

 

Noroziliklar bostirilganidan so‘ng mamlakatning ayrim hududlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Xususan, Hirot va Kobulning g‘arbiy tumanlariga qo‘shimcha harbiy kuchlar hamda zirhli texnikalar joylashtirilgani xabar qilinmoqda. Mahalliy aholi ko‘chalarda yuzlab qurollangan harbiylar, nazorat punktlari va kuchaytirilgan patrullash tizimi joriy etilganini ma’lum qilgan.

 

Shuningdek, qo‘shni viloyatlar va hududlarga ham ayollar kiyinishiga oid yangi talablar ustidan nazorat kuchaytirilishi mumkinligi haqida ogohlantirishlar yuborilgan. Ularda qoidalarga amal qilmagan ayollar hibsga olinishi mumkinligi qayd etilgan.

 

BMTning Ayollar tuzilmasi vaziyat yuzasidan xavotir bildirib, ayollarning o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishi ularning obro‘si, xavfsizligi va ijtimoiy hayotiga uzoq muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.

 

Eslatib o'tamiz, avvalroq Afg'onistonda 9 yoshli qizlarga turmushga chiqishiga ruxsat berilganligi to'g'risida xabar berilgan edi.

Kramatorskda avtobuslarga zarba berildi: 33 kishi halok bo‘ldi

Kramatorskda avtobuslarga zarba berildi: 33 kishi halok bo‘ldi

Hujumdan so‘ng Kramatorsk va Slovyansk shaharlarida jamoat transporti harakati to‘xtatildi.

“Bir safarda bir nechta mamlakat”: Japarov yagona sayyohlik vizasini taklif qildi

“Bir safarda bir nechta mamlakat”: Japarov yagona sayyohlik vizasini taklif qildi

Qirg‘iziston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon uchun yagona sayyohlik vizasini joriy etishni ilgari surdi.

Har yili minglab o‘lat holatlari qayd etiladi — JSST

Har yili minglab o‘lat holatlari qayd etiladi — JSST

JSST vakili dunyo bo‘ylab o‘lat holatlari bo‘yicha statistikani maʼlum qildi.

“Sakkizta urushni tugatdim, yana biri yaqin” — Tramp

“Sakkizta urushni tugatdim, yana biri yaqin” — Tramp

AQSH prezidenti orada yana bir qurolli mojaroga chek qo‘yishni kutayotganini aytdi.

Chiqib ketish uchun pul to‘lanadi: Tailand mamlakatdan chiqish solig‘ini joriy etishni taklif qildi

Chiqib ketish uchun pul to‘lanadi: Tailand mamlakatdan chiqish solig‘ini joriy etishni taklif qildi

Dastlab to‘lov faqat havo orqali mamlakatni tark etayotgan yo‘lovchilarga nisbatan qo‘llanadi.

Tailandda 30 dollarlik chiqish yig‘imi joriy etilishi mumkin: u turistlar va fuqarolardan olinadi

Tailandda 30 dollarlik chiqish yig‘imi joriy etilishi mumkin: u turistlar va fuqarolardan olinadi

Yig‘im faqat mamlakatdan havo transportida chiqishda undiriladi, quruqlik va dengiz orqali chiqishda esa olinmaydi.

Kosovoda yangi prezident saylandi: Justina Shiroka Pula lavozimni egalladi

Kosovoda yangi prezident saylandi: Justina Shiroka Pula lavozimni egalladi

Uning saylanishi muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishi ehtimolini bartaraf etib, mamlakatdagi siyosiy tanglikni yumshatdi.

Rossiya Ukrainaga yirik hujum uyushtirdi: kamida 20 kishi halok bo‘ldi

Rossiya Ukrainaga yirik hujum uyushtirdi: kamida 20 kishi halok bo‘ldi

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujumlar Kiyev, Poltava, Dnepropetrovsk va Xarkov viloyatlariga qaratilgan.