Eronning sobiq oliy rahnamosining jasadi Iroqqa olib kelindi
Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari 4–9-iyul kunlari bo‘lib o‘tmoqda.

7-iyul oqshomida Eronning sobiq oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning jasadi Iroqning Najaf shahriga olib kelindi. Aeroportda rasmiy kutib olish marosimi tashkil etilib, unda Iroq bosh vaziri Ali Al-Zaydi, Eron prezidenti Masud Pezeshkiyon, shuningdek, Xomanaiyning uch o‘g‘li — Mustafo, Meysam va Mas’ud ham ko‘rinish berdi. Bu haqda INA nashri xabar berdi.
Biroq Eronning amaldagi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy tadbirda qatnashmadi. U joriy yilning 9-mart kuni otasining o‘rniga oliy rahnamo etib tayinlangan edi. Manbalarga ko‘ra, AQSh va Isroilning aviazarbalaridan keyin olgan tan jarohatlari sababli u hanuz omma oldida ko‘rinish bermagan. Uning marosimda ishtirok etmagani xavfsizlik masalalari bilan izohlanmoqda.
Marosimning Najaf va Karbalo kabi shialar uchun muqaddas shaharlarda o‘tkazilishi, so‘ngra jasadning Erondagi Mashhad shahriga olib borilishi Tehron tomonidan nafaqat diniy, balki geosiyosiy ahamiyatga ega qadam sifatida talqin qilinmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bu orqali Eron Iroqdagi siyosiy va ijtimoiy ta’siri hanuz saqlanib qolayotganini namoyish etishga urinmoqda.
Biroq bunday yirik marosimni Iroq hududida o‘tkazish Bag‘dod uchun murakkab diplomatik vaziyatni yuzaga keltirmoqda. Tadbir Iroq bosh vazirining Vashingtonga rejalashtirilgan tashrifi arafasida bo‘lib o‘tayotgani sababli, Bag‘dod bir tomondan Tehron bilan yaqin aloqalarini namoyish etishga, ikkinchi tomondan esa AQSh uchun mintaqadagi ishonchli hamkor maqomini saqlab qolishga harakat qilmoqda.
Marosimda ishtirok etuvchi odamlar soni Tehron, Vashington va Bag‘dod tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda. Tehron uchun katta olomon uning mintaqadagi ta’siri hanuz kuchli ekanining ramzi bo‘lsa, Bag‘dod uchun tadbirni ichki noroziliklar va diplomatik ziddiyatlarsiz o‘tkazish asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda.
Marosim munosabati bilan Iroq bosh vaziri Ali Al-Zaydi chorshanba kunini mamlakat bo‘ylab dam olish kuni deb e’lon qildi. Eslatib o‘tamiz, Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSh va Isroil tomonidan Tehronga berilgan dastlabki aviazarbalar chog‘ida halok bo‘lgan edi.
Avvalroq O‘zbekiston delegatsiyasi Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimida ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi.
Aktomova Nargis tayyorladi







