Jahon

Gretsiyada yong‘inlar kuchaydi: Yevropada jazirama yangi ofatlarni keltirib chiqarmoqda

Afina yaqinidagi aholi punktlaridan yuzlab odamlar evakuatsiya qilindi. Fransiya va Ispaniyada ham yong‘inlarga qarshi kurash davom etmoqda.

Gretsiyada yong‘inlar kuchaydi: Yevropada jazirama yangi ofatlarni keltirib chiqarmoqda

Yevropaning bir qator davlatlarida o‘rmon yong‘inlari keng hududlarni qamrab olmoqda. Gretsiya, Fransiya va Ispaniyada kuchli shamol va davom etayotgan jazirama sabab yong‘inlarni o‘chirish ishlari murakkablashgan, minglab aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilinmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

 

Gretsiyada shanba kuni kuchli shamollar ta’sirida mamlakatning bir nechta hududlarida, jumladan Afina yaqinida ham yirik yong‘inlar yuzaga keldi. Porto Germeno yaqinidagi Agia Paraskevi tog‘li hududida alanga o‘rmon va butazorlarni qamrab oldi. Rasmiylarga ko‘ra, kuchli shamol ayrim hududlarda yong‘inni o‘chirish ishlarini deyarli imkonsiz qilmoqda.

 

Beotiya viloyatida yong‘inni bartaraf etishga 300 nafardan ortiq o‘t o‘chiruvchi, 92 ta maxsus texnika, og‘ir mexanizmlar va aviatsiya jalb etilgan. Agios Vasileios shaharchasidan 200 nafardan ortiq aholi dengiz orqali evakuatsiya qilindi. Porto Germeno sohilidan esa yana 12 kishi Gretsiya Sohil qo‘riqlash xizmati kemalari yordamida xavfsiz hududga olib chiqildi.

 

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Porto Germeno hududidagi yong‘in uch yo‘nalishda tarqalib, ko‘plab turar joylarga zarar yetkazgan. Rasmiylar Agia Paraskevi, Kryo Pigadi va Agios Nektarios aholi punktlari aholisini zudlik bilan evakuatsiya qilish bo‘yicha ogohlantirish bergan.

 

Fransiyaning janubi-sharqidagi Var departamentida uch kun avval nazorat ostiga olingan yong‘in yana kuchayib, olti soat ichida 1 ming gektardan ortiq hududni qamrab oldi. Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunes vaziyatni “juda jiddiy” deb baholadi. Uning aytishicha, yil boshidan buyon mamlakatda yong‘inlar 119 ming gektar maydonga zarar yetkazgan.

 

Var departamenti yong‘in va qutqaruv xizmati rahbari Erik Groenning so‘zlariga ko‘ra, havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilgani va shamolning kuchayishi yong‘inni jilovlashni qiyinlashtirmoqda. Bir kecha davomida qariyb 2,5 ming kishi evakuatsiya qilindi, yong‘in o‘chirish ishlariga qo‘shimcha kuch va texnikalar safarbar etildi.

 

Fransiyaning Bordo shahri yaqinidagi yirik yong‘indan qochib qutulgan kiyiklar esa Janubiy Jirond hayvonlar qo‘riqxonasida davolanmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, hayvonlarning ayrimlari kuygan, boshqalari esa vahima oqibatida avtomobillar yoki to‘siqlarga urilib jarohat olgan.

 

Ispaniyada ham yong‘in o‘choqlarini bartaraf etish ishlari davom etmoqda. Leon provinsiyasida yangi yong‘in yuzaga kelgan bo‘lsa, Zamora provinsiyasida qariyb 11 ming gektar maydonni qamrab olgan yong‘in nazorat ostiga olinib, evakuatsiya qilingan 14 ta aholi punkti qayta ochildi.

 

Kastelyon provinsiyasidagi Vall-d’Uixo hududida qariyb 10 ming gektar maydonni kuydirgan yong‘in barqarorlashgani sabab barcha evakuatsiya qilingan fuqarolarga uylariga qaytishga ruxsat berildi. Politsiya yong‘inning qasddan chiqarilgan bo‘lishi ehtimolini ham tekshirmoqda.

 

Madrid va Avila hududlarida 70 ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan yirik yong‘inlar ham nazorat ostiga olingan. Madrid yaqinidagi San-Xuan suv ombori atrofida yuzaga kelgan yangi yong‘in esa juma kuni o‘chirildi.

 

Mutaxassislar joriy yozda Yevropada ketma-ket kuzatilgan rekord darajadagi issiq to‘lqinlari va yog‘ingarchilikning kamligi o‘rmon yong‘inlari xavfini keskin oshirganini ta’kidlamoqda. Nisbatan seryog‘in qishdan so‘ng o‘sib chiqqan o‘simliklar jazirama ta’sirida qurib, yong‘inlar uchun katta miqdorda tabiiy yonilg‘iga aylangan.

 

Ekstremal issiqning oqibatlari insonlar salomatligiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Avstriyada iyun oyida jazirama bilan bog‘liq 395 ta o‘lim qayd etilgan. Buyuk Britaniyada joriy yil boshidan buyon issiq sabab taxminan 2 877 kishi vafot etgani aytilmoqda. Fransiyada 17-iyun — 2-iyul oralig‘ida 5 764 ta ortiqcha o‘lim qayd etilgan bo‘lsa, Germaniyaning Robert Kox instituti yuqori harorat bilan bog‘liq o‘limlar sonini qariyb 9 800 nafar deb baholagan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"