O'zbekiston

“Hozir yangi universitet ochishga ehtiyoj yo‘q” — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri

Bitiruvchilari bandlik ko‘rsatkichi belgilangan darajadan past bo‘lgan oliygohlarni boshqa universitetlarga qo‘shib yuborish yoki yopish bo‘yicha choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.

“Hozir yangi universitet ochishga ehtiyoj yo‘q” — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri

O‘zbekistondagi mavjud oliy ta’lim muassasalari sig‘imi bugungi kunda mamlakatdagi ta’limga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplashga yetarli. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov 14-avgust kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjuman doirasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Zamon.uz muxbiri.

 

Oliy ta’lim xizmatlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda vazirga oliy ta’lim sohasida raqobat kuchaygani va so‘nggi yillarda xususiy universitetlarga litsenziya berish to‘xtatilgani haqidagi savol berildi.

 

Qo‘ng‘irotboy Sharipovning ta’kidlashicha, hozirda faoliyat yuritayotgan universitetlarning sig‘imi mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqib, abituriyentlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish uchun yetarli.

 

“Hozirda mavjud universitetlarimiz sig‘imi mehnat bozoridagi barcha ehtiyojni qoplashga yetarli. Mana, 56,7 balldan yuqori olganlar oliy ta’limga kiryapti. Bugun 256 mingdan ko‘proq talaba-yoshlarimiz bor. Bor universitetlarimizning sig‘imi buni ta’minlab bera oladi”, — dedi vazir.

 

Uning fikricha, ayni paytda yangi universitetlar ochishga ehtiyoj yo‘q. Chunki oliygohlar sonining ko‘payishi ta’lim sifati past bo‘lgan muassasalar sonining ham ortishiga olib kelishi mumkin.

 

“Bugungi kunda yana universitet ochishga ehtiyoj yo‘q, deb hisoblayman. Chunki yangi ochilaversa, sifatsiz ta’lim beradigan universitetlar ko‘payib qolishi mumkin. Bizga universitetlar joy to‘lib bo‘lgandan keyin, haligi 56,7 balldan past olgan yoshlarni majburlab o‘qitish uchun kerak emas”, — dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.

 

 

Vazir mamlakatda kasbiy ta’limga ko‘proq urg‘u berish zarurligini ham ta’kidladi. Uning aytishicha, texnikumlar xalqaro darajadagi ta’lim muassasalariga aylantirilmoqda.

 

Xususan, joriy yilda O‘zbekistondagi 100 ta texnikumni xalqaro darajaga olib chiqish rejalashtirilgan. Bunday muassasalar bitiruvchilari nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham yuqori maoshli ish topish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

“Ertaga bitirib chiqqandan keyin diplomi asosida nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning 70 dan ortiq davlatlarida ishlashi mumkin. Mana payvandchilarning hozirgi maoshi kamida 1,5 ming dollar. Xalqaro darajada esa ikki ming dollargacha. Santexniklarga ham juda yuqori maosh taklif qilishyapti. Elektriklarga yuqori maosh taklif etilmoqda. Bizda oliy ma’lumotlilardan ham ko‘proq maosh oladigan kasblar bor”, — dedi vazir.

 

U texnikumda ta’lim olish oliy ma’lumot olish imkoniyatini cheklamasligini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kasb-hunar egallagan yosh ikki yoki uch yildan keyin oliy ta’lim olishni istasa, suhbat asosida universitetga kirib, o‘qishni ikkinchi bosqichdan davom ettirishi mumkin.

 

“Bu bir umr santexnik bo‘lib qolasan, degani emas. Ikki yoki uch yildan keyin oliy ta’limda o‘qiyman desa, suhbat asosida universitetga kirib ta’limni ikkinchi bosqichdan davom ettirishi mumkin. Shuning uchun hozir uzluksiz ta’lim tizimi yaratilgan”, — deya tushuntirdi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.

 

Vazir mandat natijalari e’lon qilinganidan keyin ko‘pchilikda oliy ta’limga kira olmaslik bilan bog‘liq xavotirlar paydo bo‘lishini ham ta’kidladi.

 

Uning aytishicha, joriy yilda abituriyentlarga birdaniga beshta universitetni tanlash imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, yana bitta universitetni qo‘shish taklifi ham bo‘lgan.

 

Qo‘ng‘irotboy Sharipovning fikricha, yoshlar shuncha imkoniyatdan foydalanib ham oliy ta’limga kira olmasa, kasbiy ta’limni tanlashi maqsadga muvofiq. Bunday holda ular 1–2 yildan so‘ng o‘z mutaxassisligi bo‘yicha oliy ta’limga o‘tishlari mumkin.

 

Vazir abituriyentlarning imtihonlarda minimal ballni to‘play olmayotgani va imtihonlarni takomillashtirish masalasiga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, barcha maktab bitiruvchilarining oliy ma’lumot olishi shart emas.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo mehnat bozorida ham asosiy ehtiyoj o‘rta maxsus ta’lim olgan kadrlarga to‘g‘ri keladi. Vazir minimal 56,7 ball to‘plagan abituriyentlar ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham ma’lumot berdi.

 

“Biz minimal 56,7 ball olgan yoshlarimizni tahlil qilib ko‘rdik. Bundan to‘rt yil oldin ularning ulushi 46 foiz bo‘lgan ekan. Bugun 34 foiz. Past ball olish ulushi yildan-yilga kamaymoqda. Mana, bugun abituriyentlarning 74 foizi 56,7 dan yuqori ball olgan”, — dedi u.

 

Ushbu ko‘rsatkichni ijobiy holat sifatida baholagan vazir past ball oladigan yoshlar soni kamayib borayotganini, bu esa maktablardagi ta’lim sifati yaxshilanayotganidan dalolat berishi mumkinligini ta’kidladi.

 

Shuningdek, yoshlarning kelgusida ishsiz qolmasligi uchun mehnat bozoriga mos kadrlar tayyorlash zarurligi qayd etildi.

 

Qo‘ng‘irotboy Sharipovning ma’lum qilishicha, joriy yilda davlat budjetidan 36 mingta grant o‘rni va qariyb 200 mingta kontrakt o‘rni Iqtisodiyot va moliya vazirligi ehtiyojlaridan kelib chiqib belgilangan.

 

Vazir xususiy va davlat universitetlariga qo‘yiladigan talablar hamda ular uchun teng sharoit yaratish masalasiga ham izoh berdi.

 

Uning ta’kidlashicha, oliy ta’limdagi raqobatning asosiy mezoni — bozor talablariga mos kadr tayyorlash va bitiruvchini ish bilan ta’minlash.

 

“Raqobat deganda har bir oliy ta’lim muassasasi bozorga mos kadr tayyorlab, ertaga mutaxassisni kafolatli ish bilan ta’minlashi kerak. Bizning oldimizda turgan eng katta mezon — bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi. U yaxshi o‘qityaptimi yoki yomonmi, bunga bahoni xalq yoki ish beruvchilar beradi”, — dedi Qo‘ng‘irotboy Sharipov.

 

Vazirga ko‘ra, bitiruvchilarning bandlik ko‘rsatkichi belgilangan darajadan past bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga nisbatan ularni boshqa universitetlarga qo‘shib yuborish yoki faoliyatini tugatish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

 

Shuningdek, hozirda xususiy va davlat oliygohlariga talabalarni qabul qilish, ta’lim yo‘nalishlarini belgilash hamda baholash bo‘yicha talablarning bir xilda bo‘lishi ta’minlanayotgani ma’lum qilindi.

 

 

custom img

77 ta chiqindi poligonida saralash xizmati bo‘yicha tanlov e’lon qilindi

Tanlov orqali chiqindilarni saralashni yo‘lga qo‘yish va qayta ishlashga yo‘naltiriladigan chiqindilar hajmini oshirish ko'zda tutilgan.

custom img

O‘zbekistonda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshiriladi

Yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 milliard kVT elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

custom img

Toshkentda yo‘lkira oshadi: yangi tariflar taklif qilindi

Naqd to‘lovda yo‘lkira 3 ming so‘m, elektron to‘lovda esa 2,5 ming so‘m etib belgilanishi mumkin.

custom img

O‘zbekistondan olib chiqib ketilgan madaniy boyliklarni qaytarish bo‘yicha komissiya tuziladi

Ichan-qal’a muzey-qo‘riqxonasi hududida “Olloqulixon karvonsaroyi” savdo markazini tashkil etish loyihasi alohida ko‘rib chiqildi.

custom img

O‘zbekistonda ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha baland shovqin chiqarish taqiqlanadi

Dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari cheklov 22:00 dan 09:00 gacha amal qiladi.

custom img

Chirchiqda yuk mashinasining tirkamasi xonadonga urildi

Xonadonga yetkazilgan zarar qoplanishi bildirildi.

custom img

Brakonerlar qarshiligi: inspektor halok bo‘ldi

Marhum "Tabiat himoyachisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

custom img

O‘zbekistonda valyuta kursini shakllantirish tartibi o‘zgartiriladi

15-sentabrdan rasmiy almashuv kursini hisoblashda valyuta birjasidan tashqari banklararo bozorda tuzilgan bitimlar ham inobatga olinadi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"