Koreyada ish joyini o‘zgartirish uchun Migratsiya agentligi roziligi talab etilmaydi
E-9 vizasi bilan ishlayotgan fuqarolar uchun ish joyini o‘zgartirishdagi ayrim ma’muriy cheklovlar olib tashlandi.

Migratsiya agentligi E-9 vizasi asosida Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar bilan tuziladigan uch tomonlama shartnomaning ayrim bandlarini qayta ko‘rib chiqdi.
Yangi tartibga ko‘ra, endilikda fuqarolar ish joyini o‘zgartirishdan oldin Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasi roziligini olishi shart emas. Shuningdek, mazkur talab bajarilmagan taqdirda qo‘llaniladigan jarima sanksiyalari ham shartnomadan chiqarib tashlandi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, avvalgi talablar o‘zbekistonliklarning Koreyada noqonuniy maqomga o‘tib ketishining oldini olish, ular bilan doimiy aloqani ta’minlash hamda zarur hollarda ijtimoiy, huquqiy va moddiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida joriy etilgan.
Biroq amaliyotda ushbu talablar fuqarolarning ish joyini o‘zgartirish jarayonida ma’muriy qiyinchiliklarga sabab bo‘layotgani aniqlangan. Shu bois Koreyadagi ish beruvchilar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilib, shartnoma bandlari qayta ko‘rib chiqilgan.
Shu bilan birga, yangi tartib Koreya Respublikasining E-9 vizasi bo‘yicha belgilangan umumiy qonunchilik talablarini bekor qilmaydi.
Xususan, fuqaro ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilganidan so‘ng belgilangan muddatlarga rioya qilishi lozim. Jumladan, shartnoma bekor qilingan kundan boshlab bir oy ichida rasman ish izlovchi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi va 90 kun ichida yangi ish joyini topib, tegishli tartibda rasmiylashtirishi kerak.
Kasallik, ishlab chiqarishdagi jarohat, homiladorlik va tug‘ruq kabi ayrim holatlar uchun istisnolar nazarda tutilgan.
Belgilangan talab va muddatlarga rioya qilinmagan taqdirda, Koreya Respublikasining vakolatli organlari tomonidan deportatsiya chorasi qo‘llanilishi mumkin. Bunda fuqaroni qaytarish bilan bog‘liq xarajatlar fuqaro yoki uning kafili zimmasiga yuklanadi. Shuningdek, shartnoma talablarini bajarish kechiktirilgan har bir oy uchun 2 ming AQSH dollari miqdorida jarima qo‘llanilishi belgilangan.
Koreya Respublikasining “Xorijiy ishchilarni ishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasiga ko‘ra, E-9 toifasidagi xorijiy xodimlar qonunda nazarda tutilgan ayrim holatlarda ish joyini o‘zgartirish uchun murojaat qilishi mumkin.
Jumladan, mehnat shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi yoki uzaytirilmasligi, korxona faoliyatining to‘xtatilishi yoki tugatilishi, mehnat shartlari buzilishi, adolatsiz munosabat hamda xodimning aybiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar shular jumlasidandir.
Ish joyini o‘zgartirish uchun ariza Koreyaning vakolatli bandlik organiga beriladi.
Migratsiya agentligi fuqarolardan yangi yengilliklardan foydalanish bilan birga, Koreya Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartib va muddatlarga qat’iy rioya qilishni so‘radi.








