Jahon

Xalqaro qidiruv va hibs: O‘zbekistonda jinsiy jinoyatda gumonlangan erkak Rossiyada qo‘lga olindi

Rossiyada noqonuniy yashab, qurilish maydonida ishlagan o‘zbekistonlik erkak nazorat-o‘tkazish punkti orqali mamlakatdan chiqib ketishga uringanida ushlangan.

Xalqaro qidiruv va hibs: O‘zbekistonda jinsiy jinoyatda gumonlangan erkak Rossiyada qo‘lga olindi

 

Rossiyaning Astraxan viloyatida O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilishda gumonlanib, xalqaro qidiruvga berilgan xorijiy fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Astraxan viloyati bo‘yicha matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, 2004-yilda tug‘ilgan erkak Rossiyadan chiqib ketish uchun “Karao‘zek” nazorat-o‘tkazish punkti orqali o‘tishga uringan vaqtida ushlangan. Astraxan politsiyasi uning qo‘lga olingani haqida Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga xabar bergan.

 

Hozirda gumonlanuvchi tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. U O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishini kutmoqda.

 

Xabarga ko‘ra, mart oyida unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi “a” bandi — 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Erkakka nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

 

Migratsiya xizmati xodimlari ma’lumotlar bazasini tekshirish davomida erkakning Rossiyada noqonuniy bo‘lib turganini aniqlagan. U bir necha oy davomida Volgograd viloyatidagi qurilish maydonida ishlagan.

 

Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun u Ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksining 18.8-moddasi 1.1-qismi bo‘yicha ham javobgarlikka tortilgan.

 

Gumonlanuvchini qo‘lga olish operatsiyasida migratsiya xizmati xodimlari, Rossiya Ichki ishlar vazirligining Krasnoyarsk tumani bo‘limi jinoyat qidiruv xodimlari hamda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Qalmog‘iston Respublikasi va Astraxan viloyati bo‘yicha chegara boshqarmasi xodimlari ishtirok etgan.