Sergeli va Yangihayotdagi badbo‘y hid muammosi bartaraf etildi
Salor oqova suv tozalash inshootiga 9,5 milliard so‘mlik zamonaviy filtr uskunasi o‘rnatildi.

Toshkentning Sergeli va Yangihayot tumanlarida aholini bir necha yildan buyon qiynab kelayotgan badbo‘y hid muammosi bartaraf etildi. Salor oqova suv tozalash inshootiga noxush hidni kamaytirish uchun 9,5 milliard so‘mlik zamonaviy filtr uskunasi o‘rnatildi.
Salor inshooti Toshkentning yetti tumanidan keladigan oqova suvlarni qabul qilib, tozalaydi. Uning sutkalik quvvati 900 ming kub metrni tashkil etadi. Noxush hidni bartaraf etish maqsadida oqova suv hovuzlari germetik yopilgan.
Uskunada hidli havo ventilyator yordamida tortib olinib, filtrlar orqali tozalanadi va zararsizlantiriladi. Rossiyadan olib kelingan qurilmada 11,5 tonna katalitik sorbent va 2,5 tonna faollashtirilgan ko‘mir qo‘llanadi. Havo ultrabinafsha nurlar yordamida ozonlashtirilib, oksidlanish jarayonidan o‘tkaziladi.
“Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ bosh texnologi Do‘nonboy Kazibekovning ma’lum qilishicha, Sergeli, Yangihayot, Mirobod va Yashnobod tumanlaridan keladigan oqova suvlar ushbu inshootda tozalanadi. Qurilma ishlashi natijasida chiqayotgan havodagi vodorod sulfidi va ammiak konsentratsiyasi nolga tushirilgan.
Uskuna 15 kundan ortiq vaqtdan beri ishlamoqda. Qayd etilishicha, uning ishga tushirilishi natijasida inshoot atrofidagi noxush hidlar yo‘qolgan. Buni yaqin hududlarda yashovchi aholi ham tasdiqlagan.
4-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi infratuzilma masalalari muhokama qilingan. Unda suv tozalash inshooti atrofidagi badbo‘y hid aholini qiynayotgan asosiy muammolardan biri ekani qayd etilib, 1-sentyabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini o‘rnatish topshirilgan.








