Chorvoq suv omborida cho‘kib ketgan fuqarolardan birining jasadi topildi
Qolgan ikki fuqaroni qidirish ishlari davom ettirilmoqda.

2-sentabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Burchmulla» MFY hududida joylashgan Chorvoq suv omborida 3 nafar fuqaro — ota va uning ikki o‘g‘li suvga tushish taqiqlangan hududda himoya nimchalarisiz suvga tushib, cho‘kib ketgan.
Xabar kelib tushishi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi g‘avvos-qutqaruvchilari tomonidan qidiruv ishlari boshlangan.
Hodisa joyida qidiruv ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida shtab tashkil etilib, qo‘shimcha kuch sifatida Jizzax va Sirdaryo viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining qutqaruvchilari ham jalb etilgan.
Qidiruv jarayonida zarur maxsus texnika va zamonaviy asbob-uskunalardan foydalanilmoqda.
Olib borilgan qidiruv ishlari natijasida 9-sentabr kuni soat 13:02 da cho‘kib ketgan fuqarolardan birining jasadi topildi.
Hozirda qolgan ikki fuqaroni qidirish ishlari davom ettirilmoqda.








