Prezident Nukus shahridagi 1-son texnikum faoliyati bilan tanishdi
Mazkur texnikumda Buyuk Britaniyaning «Pearson BTEC» xalqaro ta’lim dasturi joriy etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi 1-son texnikum faoliyati bilan tanishdi.
Davlat rahbarining joriy yil 17-iyuldagi «Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, mazkur texnikumda Buyuk Britaniyaning «Pearson BTEC» xalqaro ta’lim dasturi joriy etildi.
Dunyoning 70 ta mamlakatida qo‘llanilayotgan ushbu dastur O‘zbekistonda ilk bor mazkur texnikumda yo‘lga qo‘yildi. Uning asosiy xususiyati nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirishdir. Shu maqsadda ta’lim standartlariga mos zamonaviy o‘quv ustaxonalari va raqamli laboratoriyalar tashkil etildi.
Loyihaning umumiy qiymati 11,9 milliard so‘m bo‘lib, shundan 2 milliard so‘m hamkorlar tomonidan ajratildi. Natijada 240 o‘rinli zamonaviy ustaxonalar yaratildi. Texnikumda jami 1 ming 203 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Muassasa 4 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, bino va inshootlarining umumiy maydoni 4,6 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda dual ta’limni yo‘lga qo‘yib, hudud iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan. Xalqaro dastur bitiruvchilariga 70 dan ortiq davlatda tan olinadigan diplom beriladi.
Xususiy hamkor Salovutdin Ilyosov ishtirokida «spin-off» ta’lim dasturi ham yo‘lga qo‘yilgan. Uning doirasida 136 nafar o‘quvchi talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarni egallamoqda. Asosiy fanlar ingliz tilida o‘qitilib, o‘quv-uslubiy materiallar ham shu tilda taqdim etilmoqda. Bu o‘quvchilarning kasbiy bilimlari bilan birga sohaviy til ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Amaliy tayyorgarlik natijasida bitiruvchilarning xorijda ishlash imkoniyatlari kengaymoqda. Joriy yilda texnikumda payvandchilik bo‘yicha o‘qitilgan 25 nafar ishsiz fuqaro Estoniyaga ishga yuborildi. Ular oyiga 3 ming yevrogacha ish haqi olmoqda.
Shuningdek, tashkil etilayotgan 40 million dollarlik sanoat zonasi uchun zarur mutaxassislarni mazkur texnikumda tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Bu ta’limni ishlab chiqarish bilan bog‘lash va bitiruvchilar bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davlat rahbari texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xalqaro mehnat bozorida malakali kadrlarga talab ortib borayotgani qayd etilib, o‘quv jarayonlarini ish beruvchilar ehtiyojlariga muvofiq tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.








