Isroil zarbalari: G‘azoda kamida uch kishi halok bo‘ldi
Zarba qochqinlar lageri yaqiniga berilgan.

G‘azo sektorida shanba kuni Isroil tomonidan amalga oshirilgan havo zarbalari oqibatida kamida uch nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda tibbiyot xodimlariga tayanib, Reuters xabar berdi.
Shimoliy G‘azodagi Jabaliya qochqinlar lageri yaqiniga berilgan zarbalardan birida G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh direktori Munir al-Burshning o‘g‘li Basir al-Bursh halok bo‘lgan.
Isroil harbiylari zarba vaqtida bir necha jangari, jumladan, Basir al-Bursh nishonga olinganini bildirdi. Hamas esa hozircha bu voqea yuzasidan izoh bermagan.
Reuters olgan videoda Munir al-Bursh o‘g‘lining adyolga o‘ralgan jasadini ko‘tarib, uni tez yordam mashinasida shifoxonaga olib borayotgani aks etgan. Al-Burshning aytishicha, o‘g‘li chodirdan tashqariga chiqqanidan keyin zarbaga uchragan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Munir al-Bursh 2023-yil dekabrida Isroilning havo hujumi oqibatida qizidan ayrilgan. O‘sha hujumda uning o‘zi ham yaralangan.
G‘azo shahrining sharqidagi Shujoiya hududiga berilgan yana bir zarba oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Shaharning Shayx Radvon tumanida avtomobilga berilgan zarba oqibatida yana bir kishi halok bo‘lgan. Isroil harbiylari ushbu zarba Hamas jangarisiga qaratilganini ma’lum qildi.
Falastin rasmiylariga ko‘ra, 2023-yil oktyabrida Hamas boshchiligidagi jangarilar Isroil janubida qariyb 1 200 kishini o‘ldirganidan so‘ng boshlangan Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotlari oqibatida 73 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.
O‘tgan yili AQSh vositachiligida kelishilgan sulh G‘azo sektorini kelgusida qayta tiklashni nazarda tutadi. Biroq Hamasni qurolsizlantirish va Isroil qo‘shinlarini hududdan olib chiqish masalalarida kelishuvga erishilmagani sababli bu borada sezilarli siljish kuzatilmagan.








