Aichi-Nagoya-2026: O‘zbekiston delegatsiyasi bir kunda 15 ta medal oldi
O‘zbekistonlik sportchilar Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kunida eshkak eshish, kanoe va baydarka, o‘q otish, qilichbozlik hamda sport gimnastikasi bahslarida jami 15 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi uchun semahsul kun bo‘ldi. Sportchilarimiz bir kun davomida 5 ta oltin, 7 ta kumush va 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, medallar jamg‘armasini sezilarli darajada boyitdi.
Kun O‘zbekiston delegatsiyasi uchun akademik eshkak eshish bahslaridagi kumush medal bilan boshlandi. Erkaklar o‘rtasidagi M1x dasturida qatnashgan Shahboz Xolmurzayev marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Keyin M2- dasturida Maksim Golubev va Alisher Turdiyev 6:32.34 natija bilan uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ayollar o‘rtasidagi W4- dasturida esa Anna Aksenova, Mariya Sergeyeva, Rayhona Sattorova va Aydana Smetullayeva ikkinchi bo‘lib finishga yetib kelib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Kanoeda eshkak eshish bahslarida Shohsanam Sherzodova ayollar o‘rtasidagi 200 metrga yakkalik dasturida marraga birinchi bo‘lib yetib kelib, O‘zbekiston delegatsiyasiga navbatdagi oltin medalni taqdim etdi. Baydarkaning ayollar o‘rtasidagi 500 metrga juftlik bahsida Arina Tanatmisheva va Yekaterina Shubina uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalga sazovor bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasidagi 500 metrga kanoe bahsida esa Artur Guliyev va Vladlen Denisov marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Akademik eshkak eshish bahslarida Anna Prakaten ayollar o‘rtasidagi yakkalik dasturida ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medal sohibiga aylandi. Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi LM2x dasturida esa jahon chempionlari Shahzod Nurmatov va Sobirjon Safaraliyev marraga birinchi bo‘lib yetib kelib, O‘zbekiston delegatsiyasiga oltin medal keltirdi.
O‘q otish bahslarida ham O‘zbekiston vakili shohsupaga ko‘tarildi. 10 metr masofadan pnevmatik to‘pponchadan otish dasturida qatnashgan Vladimir Svechnikov 244,3 ochko bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. U bu natija bilan Osiyo o‘yinlari rekordini ham yangiladi. Mazkur oltin medal O‘zbekistonning o‘q otish bo‘yicha Osiyo o‘yinlaridagi 32 yillik tanaffusdan keyingi birinchi chempionligini ta’minladi.
Akademik eshkak eshishning W2-dasturida Aydana Smetullayeva va Anna Aksenova ikkinchi o‘rinni egallab, yana bir kumush medalni delegatsiyaga taqdim etdi. M4x dasturida esa Davrjon Davronov, Shahboz Xolmurzayev, Mehrojbek Mamatqulov va Pavel Sorin uchinchi bo‘lib finishga yetib kelib, bronza medalni qo‘lga kiritdi. M4-dasturida Dilshod Xudoyberdiyev, Fazliddin Karimov, Alisher turdiyev va Maksim Golubev kvarteti esa marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, kumush medal bilan taqdirlandi.
Qilichbozlik bahslarida Zaynab Dayibekova ham O‘zbekiston hisobiga kumush medal qo‘shdi. U finalda ikki karra jahon chempioni, mezbon Yaponiya vakili Misaki Emuraga 14:15 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Sport gimnastikasida esa O‘tkirbek Jo‘rayev dastakli ot mashqida 14,733 ball jamg‘arib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.








