Agrar sohada moliyaviy qo‘llab-quvvatlash: ayrim yo‘nalishlarga subsidiyalar beriladi
Paxta yetishtirish, paxta-to‘qimachilik klasterlari, yem-xashak ekinlari va sovitilgan go‘sht importini qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiyalar ajratiladi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va agrar sohadagi tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi choralar belgilandi.
Bu haqda “Agrar sohada moliyaviy qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirish va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida (PQ-354-son, 2026-yil 28-sentyabr) nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi subyektlariga bir qator subsidiyalar ajratiladi. Jumladan:
- 2026-yil hosilida 4- va 5-navli paxtadan tashqari paxta xomashyosining har bir tonnasi uchun 500 ming so‘m subsidiya beriladi;
- 2026-yilda paxta-to‘qimachilik klasterlari va ular ta’sischisi bo‘lgan korxonalarga biriktirilgan yer maydonlarida yetishtirilgan paxtaning har bir gektari uchun 1,5 mln so‘m subsidiya ajratiladi;
- 2027–2029-yillarda chorvachilik xo‘jaliklariga asosiy maydonlarda ozuqa ekinlari yetishtirilgan har bir gektar uchun 500 ming so‘m miqdorida yillik subsidiya beriladi. Bunda subsidiya Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi xulosasi asosida ajratiladi;
- 2026-yil 1-oktyabrdan 2027-yil 1-iyungacha tadbirkorlik subyektlariga sovitilgan mol va qo‘y go‘shtini import qilishda har bir kilogramm uchun 2,5 ming so‘m subsidiya beriladi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha huquqiy tajriba tariqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash bo‘yicha “Natijaviy subsidiya” tizimi joriy etiladi.
Ushbu tizimda subsidiya miqdori faqat amalga oshirilgan xarajatlarga emas, balki hosildorlik, mahsulot sifati va boshqa natija ko‘rsatkichlariga ham bog‘liq holda belgilanadi.
Qarorda qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash bo‘yicha ham yangi tartiblar belgilangan. Jumladan, uch yil davomida sug‘urta hodisasi kuzatilmagan qishloq xo‘jaligi korxonalariga to‘rtinchi yildan boshlab sug‘urta mukofotining 10–20 foizi miqdorida chegirma berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, sug‘urta mukofotlarining 3–5 foizi ogohlantiruvchi tadbirlar zaxirasiga yo‘naltiriladi.








