Tailanddagi suv toshqini avtomobil sanoatiga ta’sir qildi: Toyota va Honda zavodlarini yopdi
Suv toshqini ehtiyot qismlar yetkazib berish zanjirida uzilishlarga sabab bo‘lgan.

Yaponiyaning Toyota va Honda avtomobil ishlab chiqaruvchilari Tailanddagi zavodlarida ishlab chiqarishni mamlakatdagi keng ko‘lamli suv toshqini sabab vaqtincha to‘xtatdi.
Honda 2–6-oktyabr kunlari Prachinburi va Ayutthayadagi korxonalarida ish faoliyatini to‘xtatdi. Toyota esa Samut Prakan va Chachoengsaudagi uchta yig‘uv sexi, shuningdek, Toyota Auto Works kompaniyasiga qarashli korxona faoliyatini to‘xtatdi.
Bunga Chonburi va Rayong provinsiyalaridagi suv toshqini sabab ehtiyot qismlar yetkazib beruvchilar zarur butlovchi qismlarni yetkazib bera olmagani sabab bo‘lgan. Kompaniyalar ishlab chiqarishdagi tanaffus vaqtinchalik ekanini, ehtiyot qismlarni yetkazib berishning muqobil yo‘llari topilgach, faoliyat qayta tiklanishini bildirgan.
Tailand sanoat federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ta’minot zanjiridagi uzilishlar natijasida ko‘rilgan zarar taxminan 1,018 milliard batni (qariyb 30 million dollar) tashkil etgan.
Suv toshqinlari 2,6 milliondan ortiq aholiga ta’sir ko‘rsatgan, 40 kishi halok bo‘lgan.







