O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini 5-o‘rinda yakunladi: sportchilar 70 ta medalni qo‘lga kiritdi
Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev jahon rekordini yangiladi.

Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida 19-sentyabrdan 4-oktyabrgacha o‘tkazilgan XX Osiyo o‘yinlari yakunlandi. O‘zbekiston delegatsiyasi umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonlik sportchilar musobaqada 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza — jami 70 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Umumjamoa hisobida Xitoy 341 ta medal bilan birinchi o‘rinni egalladi. Yaponiya 269 ta medal bilan ikkinchi, Janubiy Koreya 150 ta medal bilan uchinchi bo‘ldi. Hindiston musobaqaning so‘nggi kunida qo‘lga kiritgan medallari evaziga O‘zbekistonni ortda qoldirib, 4-o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev ham musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritdi. U dast ko‘tarish mashqida 197 kg natija qayd etib, jahon rekordini yangiladi. Shuningdek, sportchi siltab ko‘tarishda 226 kg va ikki kurashda 423 kg natija bilan Osiyo o‘yinlari rekordlarini o‘rnatdi.
Taqqoslash uchun, 2023-yilda Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX Osiyo o‘yinlarida ham O‘zbekiston umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egallagan. O‘shanda delegatsiya 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medalni qo‘lga kiritgan.








