Chet elliklar va diplomatlar Ukrainada qolmasligi kerak — Rossiya TIV
Rossiya tomoni Kiyevda yangi yirik zarbalar xavfi mavjudligini bildirib, chet elliklarni Ukrainaga bormaslik va mamlakatda qolmaslikka chaqirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova chet elliklar va diplomatlarni Ukrainani, xususan, Kiyevni tark etishga chaqirdi.
Zaxarovaning ta’kidlashicha, xorijiy fuqarolar Ukrainadagi xavf darajasini hisobga olishi va ehtimoliy provokatsiyalarning oldini olish uchun mamlakat hududida qolmasligi kerak.
Rossiya TIV vakili Kiyevda bo‘lishni xavfli deb atab, xorijliklarni Ukrainaga safar qilmaslikka ham chaqirgan.
Mazkur bayonot Rossiya TIVning 3-oktabr kuni xorijiy fuqarolar va diplomatik vakolatxonalar xodimlariga qilgan avvalgi ogohlantirishidan keyin yangragan. O‘shanda vazirlik Rossiya Qurolli kuchlari Kiyev va boshqa Ukraina shaharlaridagi harbiy obyektlarga zarbalarni davom ettirishini bildirgan va chet elliklarni Ukrainada qolmaslikka chaqirgan.
Rossiya tomoni ushbu zarbalarni Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya hududidagi hujumlariga javob sifatida izohlamoqda. Kiyev va Moskva urush davomida bir-birining harbiy hamda strategik obyektlariga zarbalar berayotganini ma’lum qilib kelmoqda.
So‘nggi kunlarda Kiyevga qarshi hujumlar kuchaygan. Reuters xabariga ko‘ra, 7-oktabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlaridagi harbiy-sanoat obyektlariga keng ko‘lamli zarbalar berilganini ma’lum qilgan.
Rossiya TIV esa xorijiy fuqarolar va diplomatlarni ehtimoliy xavflarni hisobga olgan holda Ukrainaga bormaslik va mamlakatni tark etishga chaqirmoqda.








