Ta’limda sun’iy intellekt va ingliz tilidagi darslar: Prezidentga yangi takliflar taqdim etildi
Taqdimotda ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarga metodik yordamni kuchaytirish va tizimda zamonaviy yondashuvlarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish hamda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Yaqinda Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi. Yangi tizimdan ko‘zlangan maqsad ta’lim, tarbiya va ilm-fanni yagona tizimga birlashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Yangi vazirlik oldiga maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlar va ilmiy faoliyat o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, tizimni yagona yondashuv asosida boshqarish vazifasi qo‘yildi. Ta’lim mazmunini zamonaviy va mehnat bozori talablariga moslashtirish, raqobatni rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda sohaning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Taqdimotda vazirlik faoliyatini hududlardagi haqiqiy holatga tayanib tashkil etish, takrorlanuvchi vazifalarni qisqartirish va hududiy bo‘g‘inlarning mas’uliyatini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Boshqaruvni raqamlashtirish va tahliliy salohiyatni oshirish orqali qarorlarni ishonchli ma’lumotlar asosida qabul qilish zarurligi ta’kidlandi.
Maktabgacha ta’limda bolalarni har tomonlama rivojlantirish, ta’lim dasturlari va metodikalarni yangilash, tarbiyachilar malakasini oshirish hamda bolalarning qiziqish va qobiliyatlarini erta aniqlashga e’tibor qaratildi. Ta’lim muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.
Maktab ta’limida darsliklarni yangilash, o‘quvchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini izchil rivojlantirish hamda baholash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Pedagoglarga metodik yordam ko‘rsatishda sun’iy intellektdan foydalanish, ayrim maktablarda ingliz tilida ta’lim berish tajribasini yo‘lga qo‘yish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish taklif etildi.
Kasbiy ta’limda yoshlarning qiziqishlarini erta aniqlash, texnikumlar dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Korxonalar bilan hamkorlikda dual ta’limni kengaytirish, xalqaro dasturlar va zamonaviy o‘quv materiallarini joriy etish taklif qilindi.
Oliy ta’limda universitetlar mustaqilligini kengaytirish, boshqaruv sifatini va rahbarlarning natija uchun mas’uliyatini oshirish zarurligi qayd etildi. Yetakchi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ta’limni ishlab chiqarish bilan yaqinlashtirish va talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Ilm-fan yo‘nalishida ilmiy klasterlarni rivojlantirish, universitetlar, laboratoriyalar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi. Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, ular asosida yangi mahsulotlar va korxonalar yaratish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Prezident ta’limning bog‘chadan oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlari yagona vertikal sifatida ishlashi, ayniqsa maktab va universitet o‘rtasidagi uzviylikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Har bir bosqichda ta’lim sifatiga e’tiborni kuchaytirish, bolalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Rektorlar o‘z universitetlarining yaqin va o‘rta muddatli istiqboldagi rivojlanishi bo‘yicha aniq reja va tasavvurga ega bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga bildirilgan takliflarni puxta ishlab chiqish topshirildi.








