Kuchli ta’sir qiluvchi dorilar: ikki holat fosh etildi
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent va Buxoro viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar saqlagan dori vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar fosh etildi.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari DXX bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda 47 yoshli fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, yerto‘ladan qonunga xilof ravishda saqlangan 84 ta konvalyutadagi jami 1176 dona “Regapen” dori vositasi aniqlangan.
Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasining sud-kimyoviy ekspertizasi natijasida ushbu dorilar tarkibida jami 352,5 gramm pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi tasdiqlangan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, pregabalinning 10 grammdan ortiq miqdori ko‘p miqdor hisoblanib, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tarkibida gabapentin moddasi bo‘lgan 204 dona “Gabaten” dori vositasini 1600 dollarga sotishga uringan shaxs qo‘lga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








