Amir Temur va Temuriylar merosi: Fransiyada xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi
Unda Sohibqiron va Temuriylar merosi, shuningdek, O‘zbekiston va Fransiya olimlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Parijda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida tashkil etilgan tadbirda Sohibqiron va Temuriylar merosining jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, uning Fransiya va Yevropada o‘rganilishi hamda ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Konferensiya O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, mamlakatning Fransiyadagi elchixonasi va hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etildi. Tadbir buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan ishlar doirasida o‘tkazildi.
Unda Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan, Al-Furqon jamg‘armasi direktori Sali Shohsivoriy, O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maqsudov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov, fransuz olimlari va tadqiqotchilari hamda ilmiy jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Konferensiyada Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan, me’morchilik, san’at, madaniyat va davlatchilik rivoji, shuningdek, ushbu merosning Yevropada o‘rganilishi yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Amir Temur merosi nafaqat O‘zbekiston, balki jahon sivilizatsiyasi tarixining muhim qismi ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Sohibqironning davlat boshqaruvi, ilm-fan, me’morchilik va xalqaro munosabatlar sohalarida qoldirgan merosini keng qamrovda tadqiq etish zarur.
Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan esa Temuriylar tarixini Parijda targ‘ib qilish va bu boradagi ilmiy aloqalarni rivojlantirish muhimligini qayd etdi.
Fransiyalik professor va navoiyshunos Shara Risoli ma’ruzasida Alisher Navoiyning Temuriylar saroyidagi o‘rni, homiylik faoliyati va davrning adabiy-madaniy hayotiga qo‘shgan hissasini yoritdi.
Anjumanda Fransiyada 30 yildan buyon nashr etib kelinayotgan “Temuriylar” jurnalining ilmiy ahamiyati ham qayd etildi. Islom sivilizatsiyasi markazi jurnalning shu vaqtgacha chop etilgan sonlarini jamlab, alohida to‘plam shaklida nashr etishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Amir Temur va Temuriylar davriga oid qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari va tarixiy manbalarni birgalikda o‘rganish, yangi kitoblar, kataloglar va ko‘rgazmalar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Markaz fransuz tarixchilari, sharqshunoslari, san’atshunoslari hamda arxiv va muzey mutaxassislari bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Tadbirda Amir Temurning Fransiya qiroli Karl VI bilan diplomatik yozishmalari ham tilga olinib, ular o‘sha davrdayoq Sharq va G‘arb o‘rtasida siyosiy hamda madaniy muloqot mavjud bo‘lganini ko‘rsatuvchi tarixiy manbalar sifatida qayd etildi.
Konferensiya yakunida O‘zbekiston va Fransiya olimlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tarixiy manbalarni birgalikda tadqiq etish va Amir Temur hamda Temuriylar merosini xalqaro ilmiy jamoatchilik orasida keng targ‘ib qilish muhimligi ta’kidlandi.








