Avtobus salonidagi musiqa yuzasidan shikoyat: haydovchiga ogohlantirish berildi
Avtobus haydovchisining musiqani baland ovozda qo‘yib harakatlangani yo‘lovchilar e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda avtobus salonida musiqani baland ovozda qo‘yib harakatlangan haydovchi yuzasidan tanqidiy murojaat tarqaldi. Holat “Toshshahartransxizmat” AJning “7-Avtobus saroyi” filiali mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2026-yil 17-oktabr kuni taxminan soat 21:00 da 01 396 SKA davlat raqamli avtobus haydovchisi 13-sonli yo‘nalishda harakatlanayotib, salonidagi musiqani baland ovozda qo‘ygan va yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirgan.
Holat yuzasidan haydovchidan tushuntirish xati olingan. Unga yo‘lovchilarga sifatli va xavfsiz xizmat ko‘rsatish, muomala madaniyatiga rioya qilish hamda yo‘nalishda harakatlanish qoidalariga amal qilish bo‘yicha tushuntirish berilgan.
“Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmatining ma’lum qilishicha, haydovchi bunday holat yana takrorlansa, belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirilgan.








