Isroilda norozilik: minglab odam Netanyaxu hukumatiga qarshi namoyishga chiqdi
Namoyishchilar 2023-yil 7-oktyabr kungi HAMAS hujumi yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazilishini va mas’ullarni javobgarlikka tortishni talab qildi.

Isroilning Tel-Aviv shahrida 24-oktyabr kuni bosh vazir Binyamin Netanyaxu hukumatiga qarshi minglab odam ishtirokida norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar 2023-yil 7-oktyabr kuni HAMAS hujumining oldini ololmagan xavfsizlik tizimidagi kamchiliklarni mustaqil tekshirishni va mas’ullarni javobgarlikka tortishni talab qildi.
Aksiya 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament sayloviga uch kun qolganida tashkil etildi. Namoyishga 2023-yilgi hujum qurbonlari va garovga olinganlarning oila a’zolari tomonidan tuzilgan Oktyabr kengashi tashabbus ko‘rsatdi.
Namoyishchilar Tel-Avivdagi Rabin maydonidan Garovdagilar maydoni tomon yurish qildi. Ular hukumatdan 7-oktyabr hujumiga olib kelgan xavfsizlikdagi kamchiliklar yuzasidan davlat tergov komissiyasini tuzishni talab qildi.
Oktyabr kengashi namoyish oldidan X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida aksiyani haqiqatni aniqlash va mas’ullarni javobgarlikka tortish yo‘lidagi uch yillik kurashning muhim bosqichi deb atadi.
Qayd etilishicha, Netanyaxu hukumati mustaqil davlat tergov komissiyasini tuzishdan bosh tortib kelmoqda. Hukumat buning o‘rniga parlamentdagi hukmron koalitsiya va muxolifat vakillari ishtirokida komissiya tashkil etishni taklif qilgan. Muxolifat yetakchilari esa siyosatchilar tomonidan shakllantiriladigan komissiya ishida qatnashmasliklarini bildirgan.
The Times of Israel nashrining xabar berishicha, namoyishda muxolifatdagi bir qator siyosiy arboblar, jumladan, Yair Golan, Avigdor Liberman, Naftali Bennett va Yair Lapid ham ishtirok etgan.








