Misrga safar qiluvchi o‘zbekistonliklar uchun yengillik: yangi kirish qoidalari kechiktirildi
Avvalroq 2026-yil 1-noyabrdan O‘zbekiston fuqarolarining Misrga kirishi bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilishi ma’lum qilingandi.

O‘zbekiston fuqarolarining Misrga kirishiga oid yangi qoidalarni joriy etish muddati 2027-yil 1-martga qadar kechiktirildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi Misr tomoni bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borgan. Natijada O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatga kirish tartibini qat’iylashtirish bo‘yicha avval qabul qilingan qarorni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Shu tariqa, yangi qoidalar kuchga kirguniga qadar O‘zbekiston fuqarolari Misrga amaldagi tartib asosida safar qilishlari mumkin.
Vazirlik xorijiy hamkorlar bilan fuqarolarning chet elga safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, vizasiz rejimlarni joriy etish va boshqa davlatlar bilan mavjud safar tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilayotganini bildirdi.
Shuningdek, fuqarolarga xorijga safar davomida mahalliy qonunchilik va belgilangan qoidalarga rioya qilish, viza hamda migratsiya talablarini bajarish, borilayotgan mamlakatning milliy qadriyatlari, an’analari va jamoat tartibini hurmat qilish tavsiya etildi.
Avvalroq 2026-yil 1-noyabrdan O‘zbekiston fuqarolarining Misr Arab Respublikasiga kirishi bo‘yicha yangi tartiblar joriy etilishi, mamlakatga boruvchi fuqarolar vizani oldindan rasmiylashtirishi va ayrim qo‘shimcha talablarga rioya qilishi kerakligi haqida xabar berilgandi.








