O'zbekiston

“Dok-1 Maks” ishi: jabrlanuvchilarga kompensatsiya to‘liq to‘lab berildi

90 nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 82 milliard so‘m kompensatsiya undirish belgilangan edi.

“Dok-1 Maks” ishi: jabrlanuvchilarga kompensatsiya to‘liq to‘lab berildi

 

«Dok-1 Maks» va «Ambronol» dori vositalari iste’moli oqibatida jabrlangan oilalarga jami 82 milliard so‘m kompensatsiya to‘lanishi belgilangan edi. Bugungi kunga qadar 88 nafar jabrlanuvchiga 80 milliard so‘m to‘landi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

 

Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudining ijro hujjatlariga muvofiq, Majburiy ijro byurosi 90 nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 82 milliard so‘m kompensatsiya undirish belgilanganini bildirgan.

 

Biroq aybdorlarning xatlangan mol-mulkini sotish jarayoni cho‘zilgani sababli dastlab kompensatsiyaning atigi 20 foizi — 16,8 milliard so‘mi to‘langan. Qolgan mablag‘ bir necha yil davomida to‘lanmay kelgan.

 

Shundan so‘ng jabrlangan oilalarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘liq qoplash ishlarini tezlashtirish bo‘yicha Prezident topshirig‘i berildi. Shu asosda davlat budjetidan 65,2 milliard so‘m ajratilgan.

 

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha vafot etgan 72 nafar bolaning oilalariga 72,2 milliard so‘m, davolangan yoki davolanayotgan 16 nafar bolaning oilalariga esa 7,8 milliard so‘m to‘langan.

 

Bank kartalari bilan bog‘liq texnik masalalar hal etilgach, qolgan ikki nafar bolaning oila a’zolariga ham jami 2 milliard so‘m kompensatsiya to‘lab beriladi.

 

Qayd etilishicha, davlat budjetidan ajratilgan 65,2 milliard so‘m aybdorlarning mol-mulkini sotish va ulardan mablag‘ undirish hisobidan respublika budjetiga qaytariladi.

 

Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi va tegishli tashkilotlar mas’ullari respublika tibbiyot markazlari shifokorlari bilan birgalikda jabrlangan oilalardan xabar olib, bolalarga zarur tibbiy hamda psixologik yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rmoqda.