Hurmuz bo‘g‘ozi qachon ochiladi? Eron AQShga yetti shart qo‘ydi
Mohsen Rizoiy AQSh Eronning shartlarini to‘liq qabul qilganidan keyingina bo‘g‘oz ochilishini ma’lum qildi.

Eron AQSh Tehronning yettita shartiga to‘liq va aniq javob bermaguncha Hurmuz bo‘g‘ozini ochmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Eron Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi kotibi Mohsen Rizoiy X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Uning ta’kidlashicha, Vashingtonning Eron huquqlari va talablariga oid javobi qoniqarsiz bo‘lgan. AQSh yetti shartning barchasiga aniq javob berishi kerak. Shundan keyingina bo‘g‘oz ochiladi.
1-noyabr kuni Axios nashri Qatar AQSh va Eron o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tiklash uchun vositachilik qilayotgani haqida xabar berdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Qatar vakillari Eron rasmiylari bilan uch kun davomida uchrashgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa hozircha kelishuvga erishilmaganini va bu Vashingtonning Tehron savollariga javobiga bog‘liqligini bildirgan.
13-oktabr kuni AQSh Eronning Hurmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha shartlarining faqat bir qismini qabul qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shundan so‘ng Rizoiy Tehron bo‘g‘ozda avvalgi yuk tashish tartibiga qaytish niyatida emasligini aytgan.
3-noyabr kuni AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Vashington Eron bilan kelishuvga erishish uchun muddat belgilamaganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Eronning yadroviy dasturini tugatish va uning qayta tiklanmasligini kafolatlashga intilmoqda.







