Zaporijjya viloyatidagi hujum oqibatlari: 72 kishi halok bo‘lgan
Ukrainaning Zaporijjya viloyatidagi Kamishevaxa qishlog'ida 2-noyabr kuni Rossiya hujumidan keyin boshlangan qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlandi.

Ukrainaning Zaporijjya viloyatidagi Kamishevaxa aholi punktida 2-noyabr kuni Rossiya hujumidan keyin boshlangan qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlandi. Hujum oqibatida 72 kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Bu haqda Ukraina ichki ishlar vaziri Ivan Vigivskiy 16-noyabr kuni ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, qidiruv-qutqaruv ishlari ikki hafta davom etgan. Shu vaqt ichida Rossiya qo‘shinlari aholi punktiga 11 marta hujum qilgan. Shulardan to‘qqiztasi bevosita qutqaruv ishlari olib borilayotgan hududga qaratilgan.
Takroriy hujumlar oqibatida uch nafar politsiyachi va to‘rt nafar qutqaruvchi jarohatlangan, maxsus texnikaga zarar yetgan.
Halok bo‘lganlar orasida qutqaruvchilar, politsiyachilar, gimnaziya va ma’muriy xizmatlar markazi xodimlari, kommunal soha vakillari hamda tibbiyot xodimlari bor. Shuningdek, aholi punktini tark etgan bolalarga onlayn dars o‘tish uchun har kuni boshpanaga kelgan o‘qituvchi ham halok bo‘lgan.
Vigivskiyning ma’lum qilishicha, vayronalar ostidan jasadlarni qidirish va ularni aniqlash uchun muhandislik texnikasi hamda kinologiya guruhlari jalb etilgan. Ekspertlar halok bo‘lganlarni aniqlash maqsadida o‘nlab DNK tekshiruvlarini o‘tkazgan.
Hujumning dastlabki soatlarida qutqarib qolingan yana to‘rt kishi shifoxonada davolanmoqda. To‘rt kishining taqdiri esa hozircha noma’lum.








