72 soatlik kuzatuv natijasi: Turkiyada o‘zbekistonlik fuqaro qurolli hujumda gumonlanmoqda
Niqob taqqan ikki kishi haydovchidan mashinadan tushishni talab qilgan. U bo‘ysunmay, qochishga uringanida avtomobilga qarata o‘q uzilgan.

Turkiyaning Antaliya viloyati Manavgat tumanida avtomobil haydovchisiga qarata o‘q uzganlikda gumonlangan ikki kishi qo‘lga olindi. Ulardan biri O‘zbekiston fuqarosi ekani aniqlandi. Bu haqda Antalya Ekspres nashri xabar berdi.
Hodisa Manavgat tumanining Ilica mahallasidagi Zeytinlik hududida sodir bo‘lgan. A.E.K. ismli haydovchi telefonda gaplashish uchun avtomobilini yo‘l chetida to‘xtatgan. Shu payt mototsiklda kelgan niqobli ikki kishi undan mashinadan tushishni talab qilgan.
Haydovchi ulardan shubhalanib, avtomobilni orqaga haydab, voqea joyidan qochishga uringan. Biroq gumonlanuvchilar uning avtomobiliga qarata o‘q uzgan. Haydovchi 112 tezkor xizmatiga qo‘ng‘iroq qilgan va voqea joyiga jandarmeriya xodimlari yetib kelgan.
72 soatlik videoyozuvlar tekshirildi
Manavgat tuman jandarmeriyasi, Kumköy jandarmeriya bo‘linmasi va JASAT xodimlari gumonlanuvchilarni aniqlash uchun tergov boshlagan. Ular 30 ta uy va savdo obyektiga o‘rnatilgan kuzatuv kameralarining 72 soatlik yozuvlarini o‘rganib, gumonlanuvchilar aniqlagan.
Ko‘p o‘tmay, ikki shaxs qo‘lga olingan. Ular jamoat xavfsizligiga tahdid solish, mulkka zarar yetkazish, qurol bilan qasddan jarohat yetkazishga urinish, haqorat qilish hamda 6136-sonli qonunni buzishda gumonlangan.
Manavgat magistrat sudi qarori bilan ikki gumonlanuvchi hibsga olinib, Manavgatdagi S turdagi yopiq qamoqxonaga yuborilgan.
Hujum sodir bo‘lgan lahzalar kuzatuv kameralariga ham muhrlangan. Tasvirlarda mototsiklda kelgan ikki shaxs avtomobilga yaqinlashgani, haydovchi qochishga uringanida unga qarata o‘q uzgani va keyin voqea joyidan ketgani aks etgan.








