Jahon banki O‘zbekistonga 100 mln dollar ajratadi: mablag‘ Samarqand tibbiyotiga yo‘naltiriladi
400 dan ortiq oilaviy poliklinika modernizatsiya qilinadi, 6 400 nafardan ortiq tibbiyot xodimi o‘qitilib, sertifikatlanadi.

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga Samarqand viloyatida birlamchi tibbiy yordam sifatini yaxshilash uchun 100 million dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Mablag‘ Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA) tomonidan taqdim etiladi.
SHIFO-1 dasturi doirasida Samarqand viloyatidagi 400 dan ortiq oilaviy poliklinikani modernizatsiya qilish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda surunkali kasalliklarni erta aniqlash va davolash tizimini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Dastur doirasida 6 400 nafardan ortiq tibbiyot xodimi, jumladan, 1 250 nafar oilaviy shifokor va 5 ming nafar hamshira o‘qitilib, sertifikatlanadi. Shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, D-MED milliy raqamli sog‘liqni saqlash platformasi kengaytiriladi. Unga elektron bemorlar reyestri va birlamchi tibbiy yordam darajasida aholi salomatligini boshqarish vositalari kiritiladi. Natijada 330 ming nafar katta yoshli aholini yurak-qon tomir kasalliklari xavf omillari bo‘yicha skriningdan o‘tkazish hamda 250 ming nafar bemorning davolanish jarayonini kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, dastur Samarqand viloyatida yashovchi qariyb 4,3 million aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va tibbiyot xodimlari malakasini oshirish orqali yuqori ish haqli qariyb 28 800 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Dastur Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli idoralar tomonidan amalga oshiriladi. Uning umumiy qiymati 525 million dollar bo‘lib, shundan 425 million dollari O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladi. Dasturni 2028-yil dekabrgacha amalga oshirish rejalashtirilgan.








