Pensiya jamg‘armasining maʼlumotiga ko‘ra, “Bolalar nafaqasi” va moddiy yordam pullari oilaning jami aʼzolari topadigan daromadiga bog‘liq.
Bunda oila aʼzolarining barcha rasmiy daromadlari, shuningdek, oilaning har bir aʼzosiga to‘g‘ri keladigan bir oylik o‘rtacha jami daromad, oila aʼzosi nomida mavjud bo‘lgan ko‘chmas mol-mulk va avtotransport vositalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar umumlashtiriladi.
Mazkur jamlangan maʼlumotlar ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasiga qadar “Yagona reyestr” AT tomonidan avtomatlashtirilgan (elektron) tarzda idoralararo hisob-kitob qilinadi.
Shuni inobatga olish kerakki, “Yagona reyestr” AT tomonidan bajariladigan elektron hisob-kitob jarayonida oilaning uch oylik daromad puli olinadi. Mazkur summalar qo‘shilib, uchga bo‘linadi. Ana shundan keyin chiqqan yig‘indi oilada yashovchi har bir aʼzoga teng taqsimlanadi.
3 oylik summaning hisoblanishidan maqsad, oylik tushum barqaror bo‘lmasligi inobatga olinganidir. Bunda “uch oylik hisob-kitob” “bolalar puli”ga ariza topshirilgan sanadan bir oy orqaga suriladi va shundan boshlab hisoblablanadi. Masalan, ariza yanvarda berilgan bo‘lsa, unda hisob-kitoblar uchun sentyabr-oktyabr-noyabr oylari olinadi.
Tizimda belgilanganidek, “Bolalar nafaqasi”ga chiqish uchun oilaning oylik kirim puli xonadonning har bir aʼzosi uchun 393 827,1 so‘mdan ortiq bo‘lmasligi lozim. Yaʼni bir oilada uch nafar shaxs yashasa va ular oyiga umumiy 1,5 million so‘m pul topsa, bu oilaga “Bolalar puli” berilmaydi. Shuningdek, ularga shu tartibdagi moddiy yordamlar ham tayinlanmaydi.
Aytaylik, bir oilaning 4 nafar aʼzosi bor. Er-xotin va 2 nafar farzand. Farzandlarning biri hali 3 yoshga to‘lmagan, masalan, hali 8 oylik.
Ushbu oila “Bolalar nafaqasi” uchun 2021 yil 7 sentyabrda ariza bilan murojaat qildi. Xonadonning yagona boquvchisi bo‘lgan erkak kishi uchun hisoblangan ish haqi miqdorlari 2021 yil may oyida – 1 100 000 so‘m, iyunda – 1 000 000 so‘m, iyulga kelib 1 200 000 so‘m deb ko‘rsatildi. Jami summa – 3 300 000 so‘m . Yig‘indi 3 ga bo‘linadi. Maʼlum bo‘ladiki, o‘tgan 3 oyning har biriga 1 100 000 dan daromad tushgan. Endi bu pul oilaning 4 nafar aʼzosiga taqsimlanadi. Natijada xonadonning har bir aʼzosi uchun 275 000 so‘mdan to‘g‘ri kelgani aniqlanadi.
Mazkur oila “bolalar puli” va shunga o‘xshash moddiy yordamlar olishi mumkin.
“Bolalar puli” “to‘g‘rilash” uchun ariza topshirayotgan oilalar mana shu tartibda daromad summalarini hisob-kitob qilishi lozim. Shundagina tushunmovchilik yuz bermaydi.
Avvalroq “Bolalar puli” bola soniga qarab belgilangan va bu qanday tartibda amalga oshirilishi, kam taʼminlanganlar ro‘yxatiga kiritilganlarga imtiyoz belgilangani hamda Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev


