1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Cotton Campaign O‘zbekistonga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi

Bu qanday imkoniyatlar taqdim etadi?

Cotton Campaign O‘zbekistonga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi

 

2022 yil 10 mart kuni xalqaro Cotton Campaign notijorat tashkiloti O‘zbekistonga nisbatan joriy etilgan 12 yillik sanksiyalarni bekor qildi. Bu mamlakat iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Quyida shu borasida fikr yuritiladi. 

 

Cotton Campaign qanday tashkilot? 

 

Cotton Campaign – xalqaro mehnat va inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, investor va biznes jamoalari koalisiyasi. Uning maqsadi – paxta yetishtirishda bolalar va majburiy mehnatni yo‘qotish. 

 

Sodda qilib tushuntirganda – Cotton Campaign paxta yetishtiruvchi davlatlarning imidjini belgilaydi. Tashkilot doimiy ravishda sohani monitoring qilib boradi. Unda inson huquqlari buzilmasligi, majburiy mehnatga, eng avvalo bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi. 

 

O‘zbekistonga qachon taqiq qo‘yilgan?

 

2009 yilda bir guruh O‘zbekiston fuqarolari Cotton Campaign’ga murojaat bilan chiqadi. Ular paxta kampaniyasida majburiy mehnatdan foydalanilayotganligi ortidan o‘zbek paxtasiga boykot qo‘llashni so‘raydi. 

 

O‘sha yili ularning tashkilotga taqdim etgan petisiyasini 47 kishi imzolagan. Ular orasida so‘nggi yillarda siyosiy tahlilchi sifatida tanilgan Kamoliddin Rabbimov ham bor. 

 

Shundan keyin Cotton Campaign bunga rozi bo‘ladi. Oqibatda 331 brend va riteyler kompaniyalari O‘zbekiston “oq oltin”ini sotib olishdan bosh tortdi. Oqibatda o‘zbek paxtasi uchun Gʻarb bozorlari amalda yopildi. 

 

Rasmiy Toshkent so‘nggi yillarda Cotton Campaign’dan taqiqni olib tashlashini so‘rab bir necha bor murojaat bilan chiqadi. Masalan, 2020 yil aprelida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov tashkilotga ochiq xat yozadi. Unda Respublikada majburiy mehnat, ayniqsa, paxta kampaniyasida bu illat butunlay yo‘q qilingani tilga olingan.

 

Olib tashlangan taqiq qanday imkoniyatlar taqdim etadi? 

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qudratilla Odinayevning so‘zlariga ko‘ra, boykotning bekor qilinishi, eng avvalo, o‘zbek paxtasining jahon bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, endilikda dunyodagi yirik va mashhur brendlarni O‘zbekistonga jalb etish mumkin. 


Bu, o‘z navbatida, paxtachilik va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tekstil sanoatining yanada o‘sishiga sabab bo‘ladi. 
Umuman olganda, boykotning bekor qilinishi – O‘zbekiston uchun katta yutuq. Bu – Respublikada olib borilayotgan tizimli islohotlarning natijasidir.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика