Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqand viloyati Payariq tumanida boshqaruvni yo‘qotgan mashina jarlikka qulab tushib ketibdi” sarlavhasi ostida video tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan maʼlumot berildi.
Aniqlanishicha, voqea Payariqda emas, Pastdarg‘om tumanida bo‘lgan. 17 fevral kuni soat 15:30 larda 1994 yilda tug‘ilgan X.R. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtomashinasini Pastdarg‘om tumanidan o‘tuvchi 4R-46 yo‘lining 16-kilometrida boshqarib kelayotgan vaqtida, old tomonida ketayotgan avtomashinani noto‘g‘ri quvib o‘tishi oqibatida boshqaruvni yo‘qotgan.
Natijada yo‘lning o‘ng tomonidagi ariqqa tushib ketib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.
YTH oqibatida haydovchi yengil jarohat olgan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hodisa yuzasidan Pastdarg‘om tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


