Энди педагогика йўналишида сиртқи таълимга стажи борлар қабул қилинади
Бу ҳақда вазирлик маълумот берди.

2023/2024-o‘quv yilidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarning sirtqi taʼlim shakliga kamida besh yil pedagogik stajiga ega o‘qituvchilar qabul qilinadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabar berdi.
2023/2024-o‘quv yilidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarining pedagogika sohasidagi taʼlim yo‘nalishlariga sirtqi taʼlim shakli bo‘yicha o‘qishga faqatgina taʼlim tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar qabul qilinadi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan.
Bunda pedagogika sohasidagi taʼlim yo‘nalishlarida sirtqi taʼlim shakli bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan shaxslarning taʼlim tizimida kamida besh yillik pedagogik ish stajiga ega ekanligi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi maʼlumotlar asosida belgilanadi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi umumtaʼlim muassasasi direktorlaridan oliy taʼlim muassasalariga 2023/2024-o‘quv yiliga kirish test imtihonlarida ishtirok etish uchun hujjat qabuli boshlangunga qadar maktabda faoliyat yuritayotgan oliy pedagogik maʼlumotga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarga tegishli maʼlumotlarni vazirlikning “Yagona elektron tizimi-erp.maktab.uz” dasturiga kiritishlarini so‘ragan.








