O‘zbekistonda yangi o‘quv yilida 641 ming nafar bola 1-sinfga qabul qilinadi
O‘zbekistonda 2021/2022-o‘quv yilida 641 ming nafar bola 1-sinfga qabul qilinadi. Bu haqda 5 iyul kuni Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi, deb yozmoqda «Xalq so‘zi online».

O‘zbekistonda 2021/2022-o‘quv yilida 641 ming nafar bola 1-sinfga qabul qilinadi. Bu haqda 5 iyul kuni Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi, deb yozmoqda «Xalq so‘zi online».

2021/2022-o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul 15 iyundan boshlangan edi. Ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat markazlaridagi umumtaʼlim maktablarga 1-sinfga qabul jarayonlari tajriba-sinov tariqasida elektron shaklda amalga oshirilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, bugungi kunda mazkur tizim orqali 1-sinfga joylashtirish uchun ota-onalarda 41 mingdan ortiq ariza kelib tushgan.
Tajriba-sinov tariqasida joriy etilayotgan elektron shakldagi qabul jarayoni 2 ta bosqichda amalga oshiriladi:
Birinchi bosqichda ota-onalar 2021 yilning 15 iyunidan 5 iyuliga qadar my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, farzandlari 1-sinfga chiqadigan maktablarni tanlaydi.
Bunda ota-onalarga 3 ta maktabni tanlash imkoniyati beriladi. Birinchi maktab — ota-ona doimiy istiqomat qilayotgan hududdagi maktab, yaʼni yashash manzili biriktirilgan mikrohududdagi maktab;
Ikkinchi va uchinchi maktablar — ota-onalarning ixtiyoriy tanlovi asosida farzandlarining qatnashi uchun qulay bo‘lgan maktablar.
Ikkinchi bosqichda 2021 yilning 6 iyulidan 31 iyulga qadar ota-onalar elektron platforma orqali tanlagan birinchi maktabga, yaʼni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga hujjatlarini topshiradi, bunda hujjatlarni topshirish to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Ota-onalarning doimiy yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga joylashishlari kafolatlanadi.
Agar ota-onalar mikrohududdagi maktabni emas, boshqa maktablarni tanlagan bo‘lsa, yaʼni elektron ro‘yxatdan o‘tish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida bo‘sh o‘rinlar bo‘lgan taqdirda, 1—15 avgust kunlari hujjatlarini topshirishi mumkin bo‘ladi.
Maʼlumot uchun, «Taʼlim to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi qonunning 9-moddasiga asosan bola yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi (2014 yil 1 yanvaridan 31 dekabrigacha tug‘ilgan bolalar). Mazkur qonun talablari boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, yaʼni nodavlat xususiy taʼlim muassasalari uchun ham majburiydir.







