Jamiyat

Yo‘l chetida tahqirlangan ayol

“Andijonda nomusi toptalgan qiz”, “Surxondaryoda kaltaklangan ayol”, “Qizilsoyda uyatsizlarcha samosud qilingan ayol”...

Yo‘l chetida tahqirlangan ayol

 

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan bu kabi xabar va voqealarga tez-tez guvoh bo‘lyapmiz. Ammo bu vaziyatlar kechagina sodir bo‘lgani yo‘q! Balki bir necha yillardan beri o‘zbek ayollarining og‘riqli nuqtasi bo‘lib kelmoqda.

 

Tahririyatimizga bir ayolning erkak tomonidan sochlaridan tortib, urayotgani aks etgan video kelib tushdi. Ushbu voqea bugun ertalab Chilonzor tumanining 14-dahasidagi “Chopon ota” bekati oldida ro‘y bergan. Erkak va ayolning shaxsi nomaʼlum. Ularning bir-biriga qanday aloqasi borligi ham mavhum. Ammo biz eʼtibor qaratmoqchi bo‘lgan masala — katta yo‘lning chetida ojiza ayolning tahqirlangani, voqeaga odamlarning eʼtiborsizligi. Jamiyatda bir ayol odamlar ko‘z o‘ngida qiynoqqa solinsa, xo‘rlansa-yu, nahotki, bunga guvoh bo‘lganlar jimgina o‘tib ketaversa? Hatto, ko‘ra-bila turib, ayolning tahqirlanishini ayol kuzatib turaversa? Buni qanday izohlash mumkin? Loqaydlikmi, beparvolikmi yoki inson taqdiriga befarqlikmi? Spark rusumidagi avtomashina egasi to‘xtab, ayolni qutqarmaganida uning keyingi taqdiri ayanchli tugashi hech gap emas edi.

 

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2021 yilda ayollarga zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq 598 ta ish ko‘rilib, 508 nafar shaxsga ayblov hukmi chiqarilgan. Xotin-qizlarga nisbatan qayd etilgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 73 foizi ularning oilalarida sodir etilgan. Bu kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida 2019 yil 2 sentyabrida “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi. Hujjatda zo‘ravonlik, tazyiq kabi tushunchalarning huquqiy taʼrifi keltirib o‘tilgan. Shu bilan birga qonunga “Himoya orderi” degan yangi tushuncha kiritildi. Himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasi taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoki bir guruh shaxslarga nisbatan taʼsir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat. Himoya orderi zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning zo‘ravonlikka uchrashi sabablarini aniqlashga va bartaraf etishga xizmat qiladi. 

 

Bir ahmoqning kaltabinligi natijasida bir umrning zavol topishi, uning taqdiriga nuqta qo‘yilishi hech gap emas. Ayollar! O‘zingizning haq-huquqlaringizni biling! Zo‘ravonlik yoki tazyiq qurboniga aylanmang!

Bahrinso Madumarova

Yo‘l chetida tahqirlangan ayol | Zamon.uz