“Said otaliq“ qachon ro‘shnolik ko‘radi?..
Ona diyorimiz o‘zining qadimiy va boy tarixi, milliy anʼanalari bilan dunyo tamadduni taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Ularni ko‘z qorchug‘idek asrash va avlodarga meros qoldirish barchamizning burchimiz va vazifamizdir. Biroq ayrim qadimiy inshoot va osori atiqalarimiz eʼtiborsizlik va loqaydligimiz tufayli nurab borayotgani ham sir emas.
Denov tumanidagi “Said otaliq” madrasasi XVI asr bilan tengdosh. Biroq u, ayni paytda, qarovsiz ahvolga kelib qolgan. Madrasa bir muddat masjid vazfasini, sobiq Ittifoq davrida esa qamoqxona vazifasini bajargan.
Madrasa yaqinida yoyma dehqon bozori bor bo‘lib, imoratning birinchi qavatdagi hujralari shu yerda savdo-sotiq qiladigan mahalliy aholi uchun omborxona vazifasini o‘taydi. Ushbu joylarni suratga olish jarayonida jurnalistman deyishimga qaramay tijoratchilar qarshiligiga uchradim. Ular meni madrasa ichiga kiritishmadi, faqat darvozasidan bosh suqib, qaray oldim, xalos. Yerlik aholi aytayotgan “qurilish”dan dom-darak yo‘q, faqat qiyshayib qolgan eshiklar va peshtoqi zo‘rg‘a turgan tomni ko‘rish mumkin.
Burchak qismidagi minoralariga yomg‘ir mavsumida 0.7 – 1.5 metrgacha namlik ko‘tariladi. Quruq mavsum boshlanishi bilan ular quriydi va umalib, cho‘ka boshlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Denov tumani va uning kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Qurilish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Said otaliq” madrasasini taʼmirlash-tiklash bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi, Surxondaryo viloyati hokimligi majmua atrofida yer osti suv sathini pasaytirish uchun zarur mablag‘larni 2020 yilda mahalliy byudjet hisobidan ajratishi, Moliya vazirligi majmuani taʼmirlash-tiklash uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni 2020-2021 yillarda respublika byudjetidan ajratishi, Surxondaryo viloyati hokimligi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 noyabrga qadar majmuada taʼmirlash-tiklash ishlari to‘liq yakunlanishini taʼminlashi belgilangan.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tasarrufiga o‘tdi va unga 13 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi kerak edi. Lekin mablag‘ yo‘qligi uchun haliyam ishlarni boshlay olmayapmiz, – deydi vazirlik huzuridagi Madaniy meros agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shohista Hotamqulov.
Qurilish pudratchisi sifatida “Ijod-ijod” xususiy korxonasi bilan shartnoma imzolangan. Pudratchilarning bizga maʼlum qilishicha, hozirga qadar obidada 1 yarim milliard so‘mlik qurilish-tiklash ishlari amalga oshirilgan. Lekin boshqa mablag‘ yo‘qligi sababli ishlar to‘xtab qolgan.
Turizm va sport vazirligi viloyat boshqarmasi xodimi Jo‘rabek To‘rayev bilan bog‘landik.
—Surxondaryo viloyati uchun 60 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shundan 13 milliardi “Said otaliq” madrasasi uchun sarflanadi. Ayni paytda ushbu mablag‘larni yetkazib berish harakatidamiz – deydi Jo‘rabek To‘rayev.
Maʼlumotlarga qaraganda madrasadagi qurilish-tiklash ishlari shu yilning 1 noyabrigacha tugashi kerak. Noyabrgacha esa uch oy vaqt qoldi. Ulgirisha olarmikan?..
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Chiroqchining Tarag‘ay qishlog‘idagi xaroba holiga kelib qolgan Amir Temur haykali haqida ham yozgandik.
Zayniddin Norquvvatov







