Yangi o‘quv yilida maktablardagi dars jarayoni gibrid shaklda davom ettiriladi
Yangi 2021-2022 o‘quv yilida maktablarda darslar gibrid shaklda davom etishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda Xalq taʼlimi vazirligi xabar berdi.


Qayd etilishicha, yangi 2021-2022 o‘quv yili yaqinlashgani sari ota-onalardan uning qanday shaklda bo‘lishi borasida ko‘plab savollar kelib tushmoqda.
“Barchangizga maʼlumki, bugungi kunda butun dunyodagi kabi yurtimizda ham koronavirusga chalinish holatlari davom etmoqda. Eng achinarlisi, o‘tgan yildagiga nisbatan maktab yoshidagi bolalar orasida ham kasallik tarqalishi holatlari ko‘paygani kuzatilmoqda”, deyiladi maʼlumotda.
Shu bois Xalq taʼlimi vazirligi yangi 2021-2022 o‘quv yilida maktablarda dars jarayoni gibrid shaklda davom ettirilishiga tayyorgarlik ko‘rayotganini maʼlum qilgan. Bunda maktabda yuzaga keladigan vaziyatga qarab maktab Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari taklifiga asosan mahalliy kengashlar qarorlariga ko‘ra ayrim maktablar karantinga yopilib, masofaviy tizimga o‘tkazilishi mumkin.
Bunday holatlarda o‘quvchilar taʼlimni vaqtincha masofaviy shaklda uydan davom ettiradi. O‘quvchining masofadan taʼlim olishiga imkoniyat yaratish maqsadida Milliy teleradiokompaniyaning telekanallari orqali “Onlayn maktab” loyihasi doirasida efirga uzatilayotgan darslar davom ettiriladi.
Xalq taʼlimi vazirligi anʼanaviy taʼlim to‘liq tiklanishi uchun barcha tizim xodimlarini tezroq vaksina olishlarini so‘rab qolgan. Hech qanday eng zamonaviy masofaviy taʼlim tizimi ham bevosita maktabdagi taʼlim o‘rnini bosa olmasligi aytiladi.
“Hurmatli ota-onalar! Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, farzandlaringizni imkoniyatingiz doirasida maktabga tayyorlashingiz mumkinligini va bunda karantin talablariga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz. Shu o‘rinda, bugungi murakkab vaziyatdan chiqib ketishning yagona yo‘li bu vaksinatsiya, shu bois sizlardan o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligini himoya qilish uchun vaksinatsiya jarayonlarida faol qatnashishingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi vazirlik axborotida.







