Sportchi Elbek Rahimovning o‘limiga nima sabab bo‘ldi?
Qarshi shahrida Bosh prokuratura, Oliy sud hamda Ichki ishlar vazirligi rahbarlari va masʼul xodimlar ishtirokida bir guruh shaxslar tomonidan o‘ldirib ketilgani aytilgan sportchi Elbek Rahimovning jinoyat ishi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida Elbek Rahimovning qasddan o‘ldirish bo‘yicha jinoyat tafsilotlari muxokama qilindi.
Maʼlum bo‘lishicha “ERIELL” (ERIEL) xorijiy kompaniyasi operatori, “ushu-sanda” sport ustasi, ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘olibi Elbek Rahimov bilan fuqaro Zuxriddin Boymirzayev o‘rtasida 2020 yil dekabridan buyon kelishmovchilik bo‘lib kelgan.
Xususan, dastlab Boymirzayev Rahimovning ukasi bilan o‘zaro tortishib qolgan.
Bunga javoban Elbek Rahimov joriy yilning 17 iyul kuni Boymirzayev bilan o‘zaro janjallashgan.Yuzaga kelgan adovat zamirida Boymirzayev Rahimovdan o‘ch olish maqsadida joriy yilning 17 avgust kuni soat 07:00 larda tanishlari Sh.Tangriberdiyev, J.Amriyev, Sh.Zayniddinov, Og‘abek va Ilyos Ruziyevlar, Ya.Yahyoyev va E.Abduhafizovlar bilan jinoiy til biriktirib, pichoq va temir bo‘laklari bilan qurollanib, E.Rahimovni Qarshi shahrida yashovchi fuqaro Babayevaga tegishli xonadondan chiqishini kutib turishgan.
Shu kuni soat 09:35 larda Boymirzayev jinoiy sheriklari bilan birga xonadondan chiqqan Rahimovni fuqarolarning ko‘z o‘ngida, shafqatsizlarcha urib - tepib, pichoq va temir bo‘laklari bilan hayoti uchun xavfli tan jarohatlari yetkazgan.
Shundan keyin, ular Rahimovni Ilyos Ro‘ziyev boshqaruvidagi avtomashinaga zo‘rlab o‘tqazib, Chiroqchi tumani “Toshli” qishlog‘i hududiga olib borib, jabrlanuvchiga qo‘l - oyoqlari va temir bo‘lagi bilan ko‘plab tan jarohatlari yetkazib, o‘lar holatda Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga tashlab ketishgan.
Ushbu holatdan fuqaro Babayeva orqali xabar topgan Rahimovning ukasi - Akmal Rahimov “GPS” orqali akasining telefoni geolokatsiyasini aniqlab, tanishlari A.Babanazarov, Yu.Murodov, J.Berdinazarov va boshqalar bilan birga avtomashinada Chiroqchi tumaniga yetib borishgan.
Shundan so‘ng, Akmal Rahimov, Babanazarov, Murodov va Berdinazarovlar tumanning Chuvilloq qishlog‘ida avtomashinada harakatlanib ketayotgan Z.Boynazarov, O.Ro‘ziyev, J.Amriyev va Ya.Yahyoyevlarni ko‘rib qolib, avtomashinani to‘xtatishib, Boynazarov va uning sheriklarini urib, tan jarohati yetkazishgan.
Shifoxona maʼmuriyati xabari asosida yetib kelgan hudud profilaktika inspektorlari J.Ravshanov va S.Ahmedov janjal davomida tan jarohati olgan Og‘abek Ro‘ziyev va Ya.Yahyoyevlarni ushlashgan, janjalning qolgan ishtirokchilari yashiringan.
Elbek Rahimov ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, soat 14:00 da shifoxonada vafot etgan.
Sud - tibbiyot ekspertizasining maʼlumotnomasiga ko‘ra, Rahimovning o‘limiga bosh miyasining lat yeyishi, bosh suyagining sinishi, ko‘krak qafasi aʼzolarining shikastlanishi, tanadagi boshqa ko‘plab og‘ir jarohatlari sabab bo‘lgan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan Elbek Rahimovning o‘limi holati yuzasidan voqea sodir bo‘lgan kun, yaʼni 17.08.2021 yilda Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l,p” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi tergov guruhiga topshirildi.
Tezkorlik va hamkorlikda olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida, shu kunning o‘zida jinoyatning barcha ishtirokchilarining shaxsi aniqlanib, ular ushlandi, himoyachi ishtirokida so‘roq qilindi va sud - tibbiyot ekspertizasi ko‘rigidan o‘tkazildi.
Hodisa sodir bo‘lgan joy, Babayevaning uyi oldi ko‘zdan kechirilganda, uch dona temir armatura bo‘lagi, Rahimovga tegishli bir juft erkaklar poyafzali, bir dona erkaklar bosh kiyimi, qonga o‘xshash dog‘lar hamda pnevmatik to‘pponcha o‘qi daliliy ashyo sifatida olindi.
Shuningdek, Chiroqchi tumani “Toshli” qishlog‘i hududidagi voqea joyi ko‘zdan kechirilganida qonga o‘xshash dog‘lar hamda marhum E.Rahimovga tegishli qo‘l soati ashyoviy dalil sifatida olindi.
Bundan tashqari, voqea kuni jinoyatchilar foydalangan 70 O 880 PA davlat raqamli “Jentra” rusumli avtomashinani ko‘zdan kechirish jarayonida ham uch dona temir armatura, qonga o‘xshash dog‘lar bilan ifloslangan futbolka va pnevmatik to‘pponcha olindi.
Jinoyatga aloqador dalillarni aniqlash maqsadida gumonlanuvchilarning yashash xonadonlarida o‘tkazilgan 10 ta tintuvda 2 ta telefon, 2 ta SIM karta, qonga o‘xshash dog‘lar mavjud bo‘lgan kiyimlar hujjatlashtirib olindi.
Dastlabki tergov harakatlari davomida 8 nafar ayblanuvchi,jabrlanuvchining qonuniy vakili, 10 ga yaqin guvohlar so‘roq qilindi.
Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari aniq reja asosida davom ettirilmoqda, tergov ustidan nazorat o‘rnatildi.
Albatta, tergov yakuni bo‘yicha jinoyatning barcha holatlariga baho beriladi, uni keltirib chiqargan asl sabab va shart - sharoitlar o‘rganiladi.
Munojat Valiyeva







