Jizzaxda talaba noqonuniy ravishda 26 mln so‘mga “Remdesivir” dorisini sotishga urindi
Jizzaxda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalarini sotishga uringan talaba qo‘lga olindi. Bu haqda “Yoshlar” telekanalining «Yangi davr» ko‘rsatuvida maʼlum qilindi.


20 avgust kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Qarshi shahrida yashovchi 19 yoshli fuqaro Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali atrofida fuqarolardan biriga pandemiya davrida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini noqonuniy sotishga uringani aniqlangan.
U 40 quti “Remdesivir” dori vositasining har birini 650 ming so‘mdan hisoblab, 26 million so‘mga, shuningdek, 5 dona qutida “Trimetabol” dori vositasini 130 so‘mdan hisoblab, 650 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Maʼlum bo‘lishicha, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining 1-bosqich talabasi bo‘lgan ushbu yigit mijoz bilan internet orqali tanishgan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Samarqandda pandemiya davrida talab yuqori bo‘lgan “Remdesivir” dorisini noqonuniy sotayotgan shaxslar ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.







