Mehrli qalblarning mehrli uyi
Har bir qalbda mehrga, muhabbatga intiqlik tuyg‘usi yashaydi.


Umrning biror oni yo‘qki, kishi ayni tashnalik hissini tuymagan va uning qondirilishidan ko‘ngli nurga to‘lmagan bo‘lsa. Ezgulik zaminida bo‘y rostlovchi mehr, muhabbat, saxovat, qadr-qimmat tuyg‘ularining borligi qalblarni mudom nurlantirib turadi. Ayniqsa, ota-ona mehridan mosuvo bolalarning o‘tmishi, qismati, og‘riqlari o‘xshash. Ularning bolaligiga muhrlangan achchiq xotiralari qalbida chandiq bo‘lib qolib ketgan. Bu kabi sinovlarga yo‘liqqan bolalar ko‘ngil ozig‘i, hayot tirgagi bo‘la oluvchi MEHR va EʼTIBORga ayricha ehtiyoj sezadi. Oramizda shunday insonlar borki, ularning hayoti yaxshiliklar, savobli amallar ila yo‘g‘rilgan.
Bundan avval farg‘onalik Valiyevlar 6 farzandni tarbiyasiga olgani haqida yozgandik. Ulardan o‘rnak olib, bugun Bolaboyevlar ham Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 5 farzandni tarbiyasiga oldi.
Jo‘raxon opa Karimova umrining salkam 13 yilini Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Bolalar shaharchasi”dagi bolalarga baxshida etdi. Qalbi o‘ksik bolalarga o‘z o‘rnida ONA, kezi kelganda ota, ustoz, o‘rtoq, dugona, sirdosh bo‘la oldi. Bolalarning birgina kulgusi, shodligi uchun boridan-da kechishga tayyor bu ayolning oilasi bugun nurga, bag‘ri chin maʼnoda bolalarning shodon kulgusi, mehr-muhabbati ila to‘ldi. Boisi, bugun Boltayevlar xonadonida “Oilaviy bolalar uyi” tashkil etildi.

Bahodir aka va Jo‘raxon opa asli Farg‘onaning Beshariq tumanidan. Ish faoliyati yuzasidan ular Sirdaryo viloyatida yashaydi. To‘rt nafar (ikki o‘g‘il, ikki qiz) farzandi bor. Barchasi oliy maʼlumotli. Chet tillarini biladi. Ular o‘z sohalari bo‘yicha turli yutuqlarga erishib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
— Har bir bola baxtiyor yashashga, baxtli bo‘lishga haqli. Barcha tengdoshlari qatori yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ham to‘laqonli tarbiya olish, davolanish, o‘qish, o‘zi qiziqqan faoliyat bilan shug‘ullanish orqali qobiliyatini namoyon etish, vaqtini mazmunli o‘tkazish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Bu masalaga hukumat darajasida eʼtibor qaratilganining o‘ziyoq, bolalarga muassasalar va undan keyingi hayot yo‘lida o‘z o‘rnini topishlariga har tomonlama ko‘maklashish uchun hozirdanoq harakat boshlashimizga turtki bo‘ldi.Bolalarni tarbiyamizga olishimizni aytib, murojaat qilganimizdan so‘ng Milliy gvardiya xodimlari kelib, oilaviy sharoitimizni o‘rgandi. Oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas, hujjatlarni rasmiylashtirib, bolajonlarimni bag‘rimga olib kelib berishdi.

Ochig‘i, o‘sha kuni uyimizda ustalar ishlayotgandi. Ularga vaziyatni tushuntirdik. Ishlarini keyinroq davom ettirishlarini aytib, ruxsat berib yubordik. Usta ishlagan xonadonni ko‘z oldingizga bir keltiring: hamma joy alg‘ov-dalg‘ov... Xullas, “oyog‘imni qo‘limga olib” uylarni tozalashga, bolalarga xona hozirlashga tushdim. Dilbandlarimning kelishiga hamma joylarni saranjom qilib, uylarni bezatdim. Toki, ular uyga kirib kelishganda, mehri uyg‘onsin deya. Katta o‘g‘lim Behruzbek bu yil 9 sinfga boradi. Karina va Ruslanbek opa-uka. Tohirjon va Sardorbek esa aka-uka. Endi bu qorako‘zlarimning barchasi bir-biriga suyanchiq, jigar bo‘ldi. Ularni uyga olib kelganimizdagi quvonchini barchamiz ko‘z yosh ila qarshiladik. 4 farzandim 9 nafar bo‘ldi. Shukrki, ular xonadonimizga ko‘chib kelganidan xursand. Biri aya deydi, biri buvi. Bag‘rim to‘lib, xursandligimdan o‘zimga sig‘may o‘tiribman.
Jo‘raxon opaning ikki qizi ham turmushga chiqib ketgani bois, Karinaga sherik bo‘lsin deya yana bir nafar qiz farzandni tarbiyaga olishni rejalashtirayotganini bu oilada INSONIYlik, OQIBAT, SAXOVAT tuyg‘ularining nechog‘li yuksak ekanidan dalolat beradi.

— Bir kun ichida Yaratgan menga 5 uka tuhfa etdi, — deydi Osiyo. — Uyga kelsam hovlimiz bolalar bilan gavjum. Ularni o‘ynab yurganini ko‘rib, yuragim bir qalqib ketdi. Ota-onamdan endi xavotir olmasam ham bo‘ladi. Chunki ukalarim ular bilan birga.
Mustaqillikning 30 yilligi arafasida Boltayevlar xonadoni mehrli qalblarning mehrli uyiga aylandi. Ular bugun insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsata oldi.
Bahriniso Madumarova







