Qoraqalpog‘istonda kiyiklarni o‘ldirib UAZda olib ketayotganlar ushlandi
Joriy yilning 10 sentyabr kuni Sudochye-Akpetkey buyurtma qo‘riqxonasi davlat inspektorlari tomonidan ekologik huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish yuzasidan Taxtako‘pir tumani hududida nazorat tadbirlari amalga oshirilgan.

Ushbu tadbir davomida Taxtako‘pir tumani “Dauqara” OFY hududida UAZ rusumli avtomobil davlat inspektorlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan qochib ketgan. Davlat inspektorlari tomonidan ushbu UAZ rusumli avtomashina 35 km uzoqlikgacha kuzatib kelingan. Bu haqda Sudochye-Aqpetkey davlat buyurtma qo‘riqxonasining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aytilishicha, ushbu avtomashinadagi shaxslar qochish vaqtida yo‘l bo‘yiga kiyiklarni tashlab, noma'lum tomonga yashiringan.
Voqea joyiga Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasining Nazorat inspeksiyasidan tezkor guruh yetib borgan.
Mazkur UAZ rusumli avtomashina tezkor topilib, hozirgi vaqtda Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, avvalroq O‘zbekistonda endi hayvonlar qattiq himoya qilinadi: ularga nisbatan shafqatsizlik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida xabar qilingandi.







